Aksirish va esnash insonlardan doimo sodir bo’ladigan ishlardir. Lekin, bu ikki ish bir-biriga teskaridir. Ya’ni, inson aksirganda butun tanasi yengillashib tetiklashadi va toat ibodatlarga rag’bat yuzaga keladi. Esnash esa g’aflat va dangasalikka sabab bo’ladigan malollanishdan yuzaga keladi. Shuning uchun aksirish Alloh taologa, esnash esa, shaytonga nisbat beriladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo aksirishni yaxshi ko’radi, esnashni esa yomon ko’radi. Qachonki, biror shaxs aksirsa va “Alhamdulillah” desa, uni eshitgan musulmon zimmasida, unga “Yarhamukalloh” deyishi haq (shart) bo’ladi. Esnash esa shayton tarafidan bo’ladi. Qachonki, biror kimsaga esnash kelsa, imkon boricha uni qaytarsin. Negaki, inson qachon esnasa, shayton kuladi, ya’ni xursand bo’ladi. Shuning uchunki, esnash yalqovlik va g’aflat belgisidir. Shayton esa bu kabi ishlarni yaxshi ko’radi” Imom Buxoriy rivoyati.

Aksirganda va esnaganda qanday yo’l tutishimiz kerak? Bularning foydalari yoki zararlari bormi?

Hozirgi kun shifokorlari shunday deyishadi: “Esnash miya va jismga kislorod va ozuqa kerakligining belgisidir. Shuningdek nafas olish organlari miya va tanaga yetarlicha kislorod yetkazib bera olmayotganligiga ham dalil. Bunday yetishmovchilik mudroq, hushdan ketish paytida va o’lim oldidan ham sodir bo’ladi”.

Agar baland ovozda “haah” deb esnalganda og’iz ochiq qolsa, og’iz bo’shlig’i orqali tanaga turli mikroblar, changlar va hasharotlar kirib ketishi mumkin.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Aksa urish Alloh taolodan, esnash esa shaytondandir. Shuning uchun qachon birortangiz esnasa, qo’lini og’ziga qo’ysin. Agar (esnagan paytda): “ooh, ooh” desa, shayton uning ichida kuladi. Alloh taolo aksa urishni yaxshi ko’radi, esnashni yomon ko’radi”,dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Esnash paytida chap qo’l kaftining orqasi bilan og’izni to’sishning bir nechta hikmatlari bor.

Avvalo, bunday qilish yuksak odob namunasidir. Esnovchi og’zini ochgan paytda, undagi taom qoldiqlari, so’lak, siniq-qiyshiq tishlar ko’rinishi, shu bilan birga yomon hid anqib, atrofdagilarni noqulay ahvolga solishi mumkin. Qo’l bilan to’silganda esa chang, hasharot va turli mikroblarning og’izga kirishining oldi olinadi.

Esnash charchaganlik, loqaydlik, dangasalik alomatidir. Shuning uchun esnagan odam Allohdan shaytonning yomonligidan panoh so’rashi kerak.

Aksirish esa mutlaqo esnashning teskarisidir. Aksirish kuch bilan to’satdan sodir bo’ladi. Odam aksirgan paytda o’pkasidagi havo zarb bilan tashqariga otiladi. Chiqish paytida yo’ldagi chang, mayda zarrachalar, mikrob va hasharotlarni og’iz va burun bo’shlig’i orqali tashqariga olib chiqib ketadi.

Aksirishni Alloh taolo yaxshi ko’radi. Aksirishning insonga ko’plab foydalari bor.

Inson aksirgan paytda yengillashadi, nafas olishi osonlashadi. Tanasidagi zararli mikroblar chiqib ketadi. Aksirgan inson rohatni his etadi, esnagan odam esa og’irlikni sezadi.

Lekin aksirish kuchli bo’lgani uchun uni og’iz yoki ro’molcha bilan yopish kerak. Aks holda aksirish chog’ida og’izdan so’lak, ovqat qoldiqlari va hokazolar otilib, atrofdagilarga, yaqinda turgan taomga tegishi mumkin. Bordiyu aksiruvchi kishi bemor bo’lsa, aksirganda, undagi kasallik mikroblari sog’lom kishilarga borib tegishi mumkin. Shuning uchun aksirgan kishi qo’li yoki kiyimi bilan og’zini yopishi sunnat hisoblanadi. Shu bilan birga aksirayotganda ovozni pasaytirish ham lozim. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ ،قالَ : كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى  اللهُ  عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ إِذَا عَطَسَ وَضَعَ يَدَهُ أَوْ ثَوْبَهُ عَلَى فِيهِ وَ خَفَضَ أَوْغَضَّ بِهَا صَوْتَهُ [شَكَّ الرَّاوِيْ]

. رَواهُ أَبُوداوُدَ وَ التِّرْمِذِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aksirganlarida qo’llarini yoki kiyimlarini og’zilariga qo’yardilar va u bilan ovozlarini pasaytirardilar (Roviy “Xofaza” va “G’ozza” so’zlarida shak qilgan)”. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.

Ushbu sunnatga amal qilish tufayli aksirgan paytda yonidagi kishilarga aziyat berishdan saqlangan bo’ladi.

Shariatimizda aksirgandan keyin Allohga hamd aytishga buyurilgan. Bu haqida hadisda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ،عَنْ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ  قَالَ

إِذَاعَطَسَ أَحَدُكُمْ فَلْيَقُلْ :الْحَمْدُ لِلَّهِ وَ ل لْيَقُلْ لَهُ أَخُوهُ أَوْ صَاحِبُهُ :يَرْحَمُكَ  اللَّهُ فَإِذَا قَالَ لَهُ :يَرْحَمُكَ اللَّهُ فَلْيَقُلْ :يَهْدِيكُمُ اللَّهُ وَ يُصْلِحُ بَالَكُمْ

رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, “alhamdu lillah” (Allohga hamd bo’lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh”(Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum(Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”,dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Aksirish kuchi shunchalik kattaki, u shamoldan ham tez bo’lib, soatiga 160 kilometr tezlikdan oshadi.  Shifokorlar aytishicha, inson aksirayotgan paytda yurak urishi to’xtab, yana ishlab ketar ekan. Qolaversa, bunday katta kuch bilan aksirish chog’ida qovurg’a suyaklaridan birortasi sinishi hech gap emas.

Agar aksa kelgan paytda uni chiqishdan to’sib, qasddan to’xtatilsa, miyada qon quyilishi sodir bo’lib, bu o’limga olib kelishi mumkin ekan.

Agar aksirish paytida ko’zlarimizni ochiq holda qoldirsak, ular o’z chanog’idan chiqib ketishi mumkin.

Shuningdek, aksirish asnosida nafas olish, hazm qilish va siydik ayirish organlari ham ishlashdan to’xtaydi. Aksirgandan keyin esa Allohning rahmati bilan barcha a’zolar hech narsa bo’lmagandek ishlab ketadi.

Yurakka yana ishlash qobiliyatini ato qilgani, to’xtagan a’zolarga faoliyat yuritishga iz bergani, tanaga yengillik ato etgani, undan turli zararli zarralarni ketkazgani va ko’zlarni salomat saqlagani uchun Alloh taologa hamdu sanolar aytiladi.

Aksirgandan so’ng Allohga hamd aytgan kishiga “Yarhamukalloh”, deb aytish ham sunatdir. Buni “Tashmit” deyiladi. Tashmit aytish uchun, aksirgan odam Allohga hamd aytishi kerak bo’ladi. Bu haqida hadisda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضْيَ اللهُ عَنْهُ ، عَنْ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ قَالَ:

إِذَاعَطَسَ أَحَدُكُمْ فَلْيَقُلْ:الْحَمْدُ لِلَّهِ وَلْيَقُلْ لَهُ أَخُوهُ أَوْ صَاحِبُهُ :يَرْحَمُكَ اللَّهُ فَإِذَا قَالَ لَه :ُيَرْحَمُكَ اللَّهُ فَلْيَقُلْ :يَهْدِيكُمُ اللَّهُ وَ يُصْلِحُ بَالَكُمْ

رَوَاهُالْبُخَارِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz aksirsa, “alhamdu lillah”(Allohga hamd bo’lsin), deb aytsin. Uning birodari esa, unga “yarhamukalloh” (Alloh senga rahm qilsin), desin. Birodari unga “yarhamukalloh”, deb aytsa, u “yahdiykumullohu va yuslihu balakum”(Alloh sizlarni hidoyat qilsin va ishlaringizni isloh qilsin), deb aytsin”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ha, azizlar, dinimizda insonga nima foydali bo’lsa, o’sha ishga buyurilgan, nima zararli bo’lsa, undan qaytarilgan. Ushbu maqola orqali aksirishda insonga qanday foydalar borligini, esnashda esa qanday xatarlar borligini bilib oldik. Har bir ishda bo’lganidek, aksirish va esnash chog’ida ham shariatimiz ko’rsatmalariga amal qilsak, ikki dunyoda saodatli bo’lamiz.

“Aksirish odoblari” nomli maqola va internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Iminjonov tayyorladi