image0

Global isish kuchayishi jarayonida dunyo shimoliy yarimshari o‘zining eng issiq yozidan chiqdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining Iqlim o‘zgarishi monitoringi xizmatiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Kopernik iqlim o‘zgarishi xizmati (C3S) oylik byulletenida aytilishicha, joriy yilning iyun-avgust oylari o‘tgan yilgidan o‘tib, tarixdagi eng issiq yoz sifatida qayd etilgan.

“2024 yilning so‘nggi uch oyi davomida Yer shari eng issiq iyun va avgust oylarini, rekord darajadagi eng issiq kunni va eng issiq boreal yozni boshdan kechirdi”, dedi C3S direktori o‘rinbosari Samanta Burgess.

Samanta Burgessga ko‘ra, agar davlatlar zudlik bilan sayyoradagi issiqlik chiqindilarini kamaytirmasa, ekstremal issiq yanada kuchayadi. Uning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishining asosiy sababi qazib olingan yoqilg‘ilarni yoqish oqibatida chiqadigan issiqxona gazlari hisoblanadi.

Qayd etilishicha, sayyoraning o‘zgarayotgan iqlimi bu yozda ham falokatlarni kuchaytirishda davom etmoqda. Xususan, Sudanda o‘tgan oy kuchli yomg‘irdan kelib chiqqan suv toshqinlari 300 mingdan ortiq odamga zarar yetkazdi va urushdan vayron bo‘lgan mamlakatga vaboni olib keldi.

Bundan tashqari, olimlar iqlim o‘zgarishi Italiyaning Sitsiliya va Sardiniya orollarida davom etayotgan kuchli qurg‘oqchilikka sabab bo‘layotganini tasdiqladi. Iyul oyida Filippin, Tayvan va Xitoyni kuzatilgan Gaemi to‘foni 100 dan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, C3S 1940 yildan buyon shu kabi ma’lumotlarni yig‘adi. Markaz olimlari bu yoz 1850 yil sanoatgacha bo‘lgan davrdan beri eng issig‘i bo‘lganini aniqroq tasdiqlash uchun yana boshqa ma’lumotlar bilan taqqoslashi zarurligini qayd etdi.