KUN KULGISI…

* * *

— Allo! Bu jonivorlarni himoya qilish jamiyatimi?

— Ha.

— Tez xodimingizni biznikiga jo’nating!

— Nega?

— Pochtachi daraxtga chiqib olib itimni haqorat qilyapti.

* * *

Militsiya bo’limiga rangi oqarib ketgan erkak kelib dedi:

— Yordam bering! Uyimga o’g’ri tushdi! Iskovich it jo’natinglar!

— Uzr, buning iloji yo’q.

— Nega?

— Iskovich itlarimiz militsiya bo’limidagi bufetdan kolbasa o’g’irlagani sababli qamoqqa olingan.

* * *

Olti yashar bolakay bobosiga dedi:

— Bugun kechasi mushugimizning tug’ilgan kuni bo’ldi.

— Ie, bu gapni qaerdan olding?

— Ha-a, shunday bo’ldi. Yarim kechasi hovliga ko’-o’p mushuklar to’planib rosa ashula aytdi.

* * *

Olti yashar bolakay sigir sug’orayotgan odamni kuzatib turdi-da, o’zicha mulohaza qildi:

— Ha-a, sigir sutiga suvni shunday yo’l bilan aralashtirishar ekan-da!

* * *

— Azizim, yangi yilda menga nima sovg’a qilasiz?

— Hech narsa sovg’a qilmasam-chi?

— Unda 14 yanvarda siz ham hech qanday sovg’a olmaysiz!

— Rostdanmi? Kelishdik!

* * *

— Og’ayni, qalbingda yagona orzung bormi?

— Bor.

— Qanday?

— Zararli odatlarni tashlash.

— Unda tashlayqol!

— Ie, unda orzusiz qanday yashayman?

* * *

Qushlar ko’rgazmasida uchta to’tiqush sotuvga qo’yilgan. Birining narxi yuz ming, ikkinchisiniki besh yuz ming, uchinchisiniki esa bir million so’m. Xaridorlardan biri so’radi:

— Nega manavi to’tining narxi yuz ming so’m?

— U ikkita tilda bemalol gapiradi.

— Besh yuz ming so’mligi-chi?

— U uchta tilda gapiradi.

— Xo’p, u holda anavi to’tining narxi nega bir million so’m? U qanday karomat ko’rsatadi?

— Hech qanday karomat ko’rsatmaydi. Bu to’ti anavi ikkalasining boshlig’i.

* * *

Kaptarboz do’stiga maqtandi:

— Men kaptarimni to’tiqush bilan chatishtirdim.

— Nega?

— Tug’ilgan kaptar xatni olisga olib ketayotib, adashib qolsa, sira ikkilanmay to’g’ri yo’lni so’rab oladigan bo’ladi.

* * *

Ayol dugonasiga dedi:

— Yaramas erim bilan ajrashganimga bir yil bo’ldi. Har kuni ko’z yosh to’kib menga qo’ng’iroq qiladi.

— Kechirim so’raydimi?

— Yo’q, ajrashganim uchun minnatdorchilik bildiradi.

* * *

Xotin eridan so’radi:

— Meni sevasizmi?

— Albatta.

— Basharti sizga xiyonat qilsam, kechira olarmidingiz?

— Ie, qiziqchimisan? Marhumlarni kechirmay bo’larkanmi?!.

Olimjon HAYIT tayyorladi

Olimjon Hayitning turli mavzulardagi xabarlari, maqolalari, hikoyalari endi “Telegramm” dagi alohida kanalda! Bizga qo’shiling, afsuslanmaysiz!

t.me/olimjonhayit