«Keling, bi-ir kulishaylik, oka-a!!!»

«MODA»DAGI TELEVIZOR KUNDALIGIDAN

30 dekabr.

Xo’jayinim bir umr orzu qilgan ekan. Meni do’kondan sotib olib uyiga keltirdi. Hurmatimni qilib stol ustigamas, devorga ilib qo’ydi. Qarang, yuqoridan turib qarashning zavqi boshqacha ekan. Salobatingga salobat qo’shilib, nuqul sayraging kelaverarkan…

31 dekabr

Bugun bayram. Ayniqsa, men uchun bu bayramning foydasi ko’p bo’ldi. Faqat men gapirdim. Uydagilar esa husni jamolimga termilgancha tek o’tirishdi. Soat tungi 12: 00 ga bong urgach, xo’jayinim bilan yangam bir-birlarini tabriklashdi. Xo’jayin og’zi qulog’iga yetgudek quvonib yangamdan bo’sa oldi. Aytishlaricha, yangam bir yilda bir marotabagina bo’sa olishga izn berarkan. Sababini aytaymi?.. Hech kim eshitmasin-u, yangam nos chekkanlarni juda yomon ko’rarkan…

1 yanvar

Ilgari qulog’im bor edi. Egalarim qulog’imni tarsillatib burasa alam qilmasdi. Birov yuzimga tarsaki tushirgandek bo’lardi-yu, lekin jonim og’rimasdi. Xo’jayin va xo’jaykalarning xohishini jimgina ado etardim. Hozir esa quloqlarimni uzib olib, o’rniga tugmachalar o’rnatib tashlashgan. «Urgandan turtgan yomon» deb bekorga aytishmagan ekan. Bugun hamma bayramdan so’ng charchoq yengib pishillagancha uxlayapti. Ammo xo’jayinning qaysar qizi uxlamabdi. Nuqul tugmachalarimni turtkilab meni qiynashdan bo’shamayapti. Jonim og’riganidan dodlavoray deyapman-u, xo’jayinning hurmati bor-da!..

2 yanvar

Xudoning bergan kuni dunyodagi manaman degan go’zallarni hammaga ko’z-ko’z qilib, ularni madh etganim bir pul ekan. Bugun qo’shnining ketvorgan qizini ko’rdim-u, murvatlarimgacha jimirlab ketdi. Bilmadim, jimirlagan murvatlarmidi, yo yurakmidi? Umuman, menda yurak bor-yo’qligini bilmayman. Nima bo’lgandayam, shu qizga besh ketdim. Ustiga ustak xonaga kirdi-yu, dugonasiga «Voy, televizoring muncha zo’r?», deb shartta yuzimdan o’pib oldi. Oshna, umrimda birovga yuzimni o’ptirmagandim. Antennam bo’lmasa, quvonganimdan rangim oqarib ketgan bo’lardi. Faqat… Bir narsaga sira aqlim yetmayapti. Nega chiroyli qizni ko’rdim deguncha bezovtalanib qoldim? Men o’zi kimman? Nahotki, menam erkak bo’lsam? U holda uylanish masalasi qandoq kechadi? Televizor degan nomim bor-ku, axir!..

10 yanvar

Bugun kechqurun uydagilar yana yig’ilib, mening ro’paramga o’tirishdi. «O’gay ona» degan serialni tomosha qilishdi. Serialni rang-barangiga olib ko’rsatyapman-u, negadir ko’nglim g’ash. Ora-sirada xo’jayinga razm solib qo’yyapman. Ko’nglim sezgandi-da! Anxelning onasi boshqa ayol bo’lib chiqqach, xo’jayinning tusi o’zgardi. Dast o’rnidan turdi-yu, g’azab bilan bir xotini, bir qiziga qaradi. Sal qursa meni tarsakilayozdi. Ammo unday qilmadi. Shartta qora simimni tokdan sug’urib oldi va qizini xonasiga haydab soldi. So’ngra xotirjam o’tirib, qaytadan nimadir to’qishni boshlagan yangamning tepasiga keldi.

— Hozir menga bor gapni aytasan! — o’dag’ayladi xo’jayin ingichka mo’ylabi uchib. — Ho’v, g’alcha, senga gapirdim!

Yangam ham anoyimas. Daf’atan qo’lidagi matoni bir chetga otdi-da, zarda aralash o’rnidan turib ikki qo’lini beliga tiradi.

— Serialdan mahrum qilganingiz yetmay, yana nimani aytmoqchisiz-a? — eridan-da bir parda balandroq tovushda tahdid qildi yangam. — Xo’sh, gapiring!

Xo’jayin birpas gezari-ib turdi-yu, g’azab bilan so’radi:

— Nega qizingning burniminan qulog’i menga o’xshamaydi? Hozir tushuntirib berasan!

Kutilmagan savolni eshitgan yangam bir muddat na kulishni, na so’zlashni bildi. Tosh kabi qotgancha eriga tikilib qoldi. Ammo sal o’tib to’satdan sharaqlab kulib yubordi.

— Bu nimasi, adasi? Aljiramayapsizmi? Qanaqa quloq? Qanaqa burun?

— Yo’-o’q, — bo’sh kelmay yangamni qistovga ola boshladi xo’jayin. — Aytasan. Haqiqatni aytmaguningcha qo’ymayman!

— E, boring! — qo’l siltab yuzini ters burdi yangam. — Qizingizning quloq-burni tog’alariga tortgan. Bo’ldimi?

— Ho’v, it, — bu gal xo’jayin yangamning iyagiga chang soldi. — Meni ahmoq qilmoqchimisan-a? Go’lmanmi seningcha? Bir paytlar Madg’ozi bilan ko’z urishtirib yurganlaringni ko’rganman. Madg’ozini ko’rsang, ko’zlaring yonib ketardi. Qizing Madg’ozidan bo’lgan-a? Madg’ozidan bo’lganmi-i-i???

Serial ko’rsatmay men o’lay. Ixtiyor qo’limda bo’lsa, o’sha baxtsiz Anxelning oyisini sira o’zgartirmasdim. Nima qilay? Men oddiy bir televizor bo’lsam!..

Xullas, o’sha kuni yangam bilan xo’jayin tozza jiqillashishdi. Yangam oxiri arazlab oyisinikiga ketib qoldi. Qachon qaytishiniyam bilmasdim. Negaki, men boya aytganimday, oddiy televizorman, xolos.

6 avgust

Avvalo Olloh-u, ammo zavoddagilar sababchi bo’lishi haqiqat ekan. Yozning issiq kunlaridan birida to’satdan mazam qochdi. Aftim oqarinqirab, ranglarni ajratolmaydigan bo’lib qoldim. Ovozim ham haligiday xirillab, xuddi yo’tal tutgan xo’rozga o’xshab qoldim. Qaysidir murvatlarim qizib, a’zoyi badanimni ter bosadigan bo’ldi.

Xo’jayin shundog’am xit edi. Yangam bilan urishgandan beri meni tomosha qilishgayam hushi qolmagandi. Bugun yoqib ko’rdi-yu, battar xunobi oshdi. Zavoddagilarni so’ka-so’ka meni qo’ltiqlagancha ustaxonaga jo’nadi. Afsus, ustaxonalardagi ustalarningam dimog’i osmon ekan. Meni uyoq-buyog’imga aylantirishadi-yu, «falon pul turadi tuzatish», deyishadi. Xo’jayin yelka qisgancha tag’in meni qo’ltiqlab tashqariga — boshqa ustaxonaga yo’l oladi.

Shu ko’yi biz ikkovlashib to kechga qadar shahar kezdik. Ochig’i, xo’jayinning qo’ltig’ida ketib borardim-u, xijolatdan o’lay derdim. Dunyoga kelganlarimga ming pushaymonlar yerdim. Meni nobop yaratgan zavodchilarning go’riga g’isht qalardim. Ammo xo’jayin bo’sh kelishni xohlamadi. Mard-da! Meni ikki qo’lida baland ko’tarib, basharamga boqdi-yu, «Televizorboy, seni tuzatmasam otimni boshqa qo’yaman! Puliga gap yo’q!», dedi. Bu gapni eshitib ko’nglim tog’day ko’tarilib ketdi. Xo’jayinga ming chandon hurmatim ortib, yum-yum yig’ladim.

Ha, bizning xo’jayin shunaqangi mard odam! Mana ko’rasiz, meni albatta tuzatadi. Men yana qadrdon uyga qaytib, xo’jayinga dunyoni tomosha qildira boshlayman. Albatta ko’nglini ko’taraman!

Olimjon HAYIT