To’xtamishning xotini To’xtanisa arazlab onasinikiga ketib qoldi. Nimaymish, Namanganning qichiq atlasidan olib bermaganmish. «Pul yetmasa, katta xolangnikidan oberamanmi?» deb o’shqirgandi, shartta burilib ketvordi. Lekin bu voqeadan so’ng To’xtamish dod solib sochini yulmadi. Yuladigan sochi ham qolmagandi-da, qurib ketsin! Kal boshini qashlagancha barga bordi-yu, alamidan molday bo’kib ichdi. Kayf taraq bo’lgach, ikkinchi xotini Lazo yodiga tushdi. Yo’l-yo’lakay, To’xtanisani so’ka-so’ka Lazonikiga kirdi.
To’xtamishning Lazodan ko’ngli to’q. U hech qachon onasinikiga arazlab ketib qolmaydi. Ketolmaydi ham. Uyi judayam uzoqda. Qishloqda umri o’tgani uchunmi, uyiga qanday borishniyam bilmaydi. Qolaversa, eriga mehri, sadoqati baland. To’xtamish uning ko’ksiga bosh qo’ydi deguncha erkalanib ko’nglini yumshatadi-qo’yadi. To’xtanisaga o’xshab hadeganda ming’irlayvermaydi, uni olib ber, buni qilib ber deb jig’iga tegmaydi…
— Jonim, nega To’xta ovsar-a bunaqa? — so’radi u Lazoning ko’ksiga bosh qo’yib. — Qara, tag’in onasinikiga ketib qoldi. Koshkiydi qaynonam qizining diydiyolarini eshitsa. Qulog’i tom bitganiga ming yil bo’ldi-ku!..
— Ketsa ketar, — nozlandi Lazokat. — Men borman-ku, asalim! Yanayam yaxshi bo’pti ketgani. To’xtanisangiz uyingizda bo’lsa, nuqul atrofida aylanganingiz aylangan. Men bo’lsam, sog’inch, hijrondan o’rtanib o’tiraveraman. Ajab bo’pti!
— Sen, baribir boshqachasan-da, Lazo, — dedi To’xtamish uni quchib. — Qo’yningga kirdimmi, tamom, erib ketaman.
— Unda meni bir aylantirib keling!
— Qaerga borging kelyapti?
— Anhor bo’ylarida sayr qilsam, zilol suvini to’yguncha tomosha qilsam deyman. O’zingizam anavi To’xtanisangizni picha unutardingiz.
— Bo’pti, yur, — o’rnidan qo’zg’aldi To’xtamish. — Sayr bo’lsa, sayr-da, jonim! Qurib ketsin dunyosiyam!..
Oradan yarim soatcha vaqt o’tib, ular anhor bo’yida turishardi. Qorong’i kecha, simyog’ochlardan taralayotgan chiroq shu’lasi anhorning zilol suviga oltin sirg’a taqqan kabi yanada ko’proq husn bag’ishlagandi.
— Bilasizmi, — dedi Lazokat. — Turmush qurganimizga hademay bir yil bo’ladi.
— Esimda, — g’o’ldiradi To’xtamish shosha-pisha qo’ynidagi baklashka to’la pivo qopqog’ini ocharkan. — Shunday ajoyib kunni unutib bo’larkanmi, Lazo?
— Sovg’a degan narsalar olib berilardi bunday kunda, — luqma tashladi Lazo. — Siz bo’lsangiz jimsiz.
To’xtamish tog’oradan sal kichikroq qornini silkitib kuldi.
— Obbo, sen-ey, — dedi kulgidan o’zini tiyolmay. — Darrov nozik yerimdan olasan-a!
— Nozik yeringizni reklama qilavermang hadeb! — arazlagan bo’ldi Lazo. — Shundan boshqa gap yo’qmi gaplashishga?
— Xo’p, nima olib beray? Aytaqol! Sendan hech narsani ayamayman!
— Hamma narsam bor, — ma’yuslandi Lazokat. — Meni tashlab ketmasangiz, bas.
— Ie, bu gapni qaerdan olding? Nega seni tashlab ketishim kerak? O’zi… Endi bir yil bo’ldi-ku seni olganimga, ahmoqqinam!
— Keyin-chi, To’xtanisa opani qaytarib kela qoling! Baribir, uyam sizni sevadi. Ha endi bir erkalik qilgandir-da!
— o’alatisan-a, vey! — To’xtamish baklajka to’la pivoni simirgandan so’ng battar kayfi taraqlashib talmovsiradi. — A-axir… Boyagina noliyotganding. Qolaversa… Sening ko’nglingam, qo’yningam ochiq-a!?. Nega bunaqasan?..
— Ochiq bo’lsa, faqat siz uchun ochiq-da, arslonim! Ammo To’xtanisa opam qaytishi shart. U menga yomon gapirmagan hech qachon. Uchrashib qolsak, har xil qiziqarli gaplardan gapirib ko’nglimni olardi. Yaxshimas!..
To’xtamish bu gaplardan ta’sirlandimi, yo mastlik zo’r keldimi, yanada erib Lazoning ko’ksiga qayta bosh qo’ydi va negadir shu zahoti ilkis boshini ko’tarib oldi.
— O’zing juda yaxshisan-u, — dedi aftini bujmaytirib. — Lokigin bag’ring sovuqroq-da! Davlinang pastmi nima balo, bilmayman… Qaynab turmaysanmi munday?!. Ammo baribir yaxshisan. Senga yetadigani hali onasidan tug’ilmadi… Menga qara, o’zing meni tashlab ketib qolmaysanmi boshqasiga? Aynib qolmaysanmi? Birov bilan bekitiqcha qochib ketsang-a?!.
— Ahmoq bo’lmang! — dedi erkalanib Lazo. — Meni it olarmidi? Sizdan boshqasi qayrilib ham qaramaydi menga! Keyin… Sizga sadoqatim kuchli, arslonim! Basharti, birov-yarim olib qochaman desa-chi, shunday yo’talaman, shunday yo’talaman, ko’kyo’tal ekan deb o’ylaydi-yu, qochadi-ketadi. Shunday ekan, bilib qo’ying, men faqat o’zingizni deyman! O’la o’lgunimcha siznikiman, to’ram!
— Unda kundoshvoyingni opkelaylik-a? — chayqalib Lazoni quchdi To’xtamish. — Faqat aytib qo’yay, bugun ko’proq ichvordim. To’xtanisa nervimga tegdi-da! Basharti biror joyingga qattiq tegib ketsam, xapa bo’lish yo’q!
— Voy, jonim, boshimga tosh bilan uring-chi, miq etarmikanman!?. Siz qattiq tegsangiz, yana uring deb boshqa joyimni tutaman, o’zimning arslonim, tulporim!..
Kayfi tarang To’xtamish Lazoning ko’ngil izhorlarini eshitgach, hayratdan yiqilgudek bo’ldi. Mastlik-rostlik deganlaridek, oldin ho’ng-ho’ng yig’ladi. Keyin esa qotib-qotib kuldi. So’ng kayfini tarqatish niyatida bir necha marta boshini silkitib-silkitib, Lazoga — gapning chapanisini aytganda, eskirgan bo’lsa-da, hali oyoqdan qolmagan «Moskvich»iga o’tirib kalitni buradi. I-i-i-i-i!!! Qovun tushirib qo’ydim-ku, inim!..
Mayli endi, bo’lar ish bo’ldi… Xullas, hayron bo’ldingiz-a? Ha, bu Lazo degani almisoqdan qolgan «Moskvich» edi, birodar! Uni ko’rsa, hatto To’xtanisa ham o’zini to’xtatolmay qoladi. Tovushini eshitsa, onasi tugul, biror dugonining oy oxirida beriladigan «gap»ida o’tirgan bo’lsayam, chopqillab chiqadi…
To’xtamish Lazoning yo’talib turganiga-da, e’tibor qilmay kalitni buradi.
Chunki shu kechayoq To’xtanisani onasinikidan olib kelmasa bo’lmasdi. Lazoning dili og’rirdi.
Olimjon HAYIT