TEPSA TEBRANMASNING TETAPOYaSI
Besh yashar yolg’izgina o’g’lim bor. Xuddi o’zim. Qosh-ko’zlari, tishlari, burni, sochlarining yakkam-dukkamligi… Hatto, chap oyog’idagi barmoqlarini xuddi menikiga o’xshab to’rt tarafga bursa bo’ladi.
Buyam mayli, tabiatan o’zim dangasa bo’lganim boismi, bu nuqsim o’g’limga ham urgan. Ertalab uyqudan uyg’onishi qiyin. Bir soat kiyinadi. Kitob o’qishni umuman xohlamaydi. Faqat o’zim kabi ichidagi suratlarni tomosha qilishni xush ko’radi.
O’rtoqlari chopqillab o’ynaydi, u bo’lsa jim turib tomosha qilishdan nariga o’tmaydi. O’yinchog’ini tortib olishadi. U tek qotgancha turaveradi.
Nuqul xotinim meni urishadi. «Bolangizda mendan asar ham yo’q. Sizga tortgan. O’lguday dangasa, tebsa tebranmas!.. Mundoq tarbiy qiling! Hech qursa shu o’g’limiz odambashara bo’lsin!..» degani degan.
O’ylab ko’rdim. Qachonlardir kattalar «Bolani besh yoshdan nimaga o’rgatsang, ulg’aygach, hayoti o’sha tarbiya bo’yicha kechadi» deyishgandi. Qolaversa, xotinim haq. Yosh avlodni tarbiyalash zarur. Aks holda jamiyatni kim boshqaradi?.. Keyin menga o’xshab ayolga xushomad qilishni yoqtirmaydigan, ishlashga xushi, qimirlashga xohishi yo’q bo’lib o’sadimi? Aslo!..
Yolg’izimni tarbiyalay boshladim…
Qarang, bola shirin ekan-da! Menday tebsa tebranmasni ham bolaning kelajagi oyoqqa turg’azdi. Uni avvaliga boksga o’rgata boshladim. Chunki ko’rdim. O’rtoqlari o’yinchog’ini olib qo’ysa, qayta tortib olish o’rniga jim turadi. Xayolan: «Olsa olibdi-da, qaytarib berar» desa kerak. Ie, nega unday o’ylaydi? Mening shunday o’ylaganim yetar! Basharasiga tushirsin! Keyin qo’lidagi buyumini tortib olmaydigan bo’lishadi.
Oldiniga xohlamadi. Nuqul meni sudrab, «Yuring, dada, yaxshisi kitob o’qiylik» deyaverdi. Jahlim chiqib qattiqroq gapirdim. «Qanaqa bolasan? Boksni o’rgan! Mana, meni urib mashq qil! Jonim og’risayam mayli!..» — dedim.
Qarang, bir-ikki marta ko’zimdan uchqun sachratib urib, peshonamdan qon sizib chiqayotganini ko’rgach, bolam qiziqib qoldi. Endi o’zi meni tiz cho’ktirib qo’yadigan, hay-haylashimga quloq tutmay uradigan bo’ldi. Xudoga shukr, dangasa, tebsa-tebranmas otasiga tortmaydigan bo’ldi o’g’lim!..
Ana undan keyin har kuni o’g’limni ertalab soat oltida uyg’otib, birgalikda badantarbiya mashqlarini bajaradigan bo’ldim. Shunday qilganim yaxshi-da! Hayotda erinchoq bo’lib o’smaydi.
Mashqlardan so’ng ikkovlashib dush qabul qilamiz. Qarang, bilmas ekanman. Dush qabul qilgach, shunaqangi tetiklashdimki, o’zimni o’zim taniy olmay qoldim…
Boksga o’rganishning ham ba’zi xunuk jihatlari bor ekan. O’g’lim bir kuni ko’chada ketayotib, jajjigina qizaloqni do’pposlab qolsa bo’ladimi…
Darhol uyga olib kirib suhbat o’tkazdim.
— Qizlarni urib bo’lmaydi, — dedim bosiqlik bilan. — Ular bir kun ulg’ayib, ona bo’ladi…
O’g’lim gapimni yoqamga yopishtirdi.
— O’zingizam oyimni jinni deysiz, idishlarni derazadan uloqtirasiz! Oyim ham ona-ku!..
Voy, ayyor-ey!.. Hammasini sezgan ekan… Nima qilay?.. Shundan keyin xotinimni haqorat qilmaydigan, derazadan idish uloqtirmaydigan bo’ldim, ha!..
Oradan bir yil o’tdi. O’g’lim bilan behuda shug’ullanmaganimni angladim. Chunki, men endi butkul boshqa odamga aylangandim. Ishga joylashdim. Ertalab ishga, kechqurun uyga shoshilaman, uyda tartib o’rnataman, xotinimga muloyim munosabatda bo’laman. Qizig’i, juda tez kiyinaman, kam ovqatlanaman, yelib-yugurib uy yumushlarini qotiraman…
Yaqinda bir bezori keksa kampirning pulini o’g’irlamoqchi bo’lgandi. Basharasiga boplab tushirdim. O’g’lim bilan boks tushib yurib o’rganganlarim ish berdi. O’g’ri tiraqaylab qochdi!.. Axir, bu zo’r-ku!..
Ammo o’g’lim bilan mashg’ulotlarni davom ettirishga vaqt qolmayotgani yomon bo’ldi. U tag’in mening yaqin o’tmishimni takrorlayapti. Qaytadan tebsa tebranmas, dangasa bolaga aylandi. Boksini ham ko’chadagi bolalarga namoyish etmay qo’ydi. Qo’lidagi buyumni kimdir olib qo’ysa, jim turaveradi. «Dada, olsa olaversin, bir kun qaytarib berar» deyishdan nariga o’tmaydi.
Shunga qaramay, undan xotirjamman. Chunki bir kun uylanadi, o’g’illi bo’ladi. O’g’li ham o’zi kabi tebsa tebranmas bo’lib o’sayotganini ko’radi-yu, uni qayta tarbiyalashga tushadi. Ko’ribsizki, shu tarbiyalashlar bahonasida o’g’lim haqiqiy erkakka aylanadi. Butkul yaxshi tarafga o’zgaradi. Bunga ishonchim komil!
Semyon ALTOV
Ruschadan Olimjon HAYIT tarjimasi