Hangoma mana bunaqa bo'ladi, bo'tam!..

 

 

«IShONUVChAN XOTINIMDAN AYLANAY!»

(hajviya)

 

To’g’risi, Mariya Timofeevani azaldan ishonuvchan xotin deb bo’lmaydi. Aksincha, har bir narsadan gumonsirayveradigan odati bor. Lekin sezdirmaydi. Ichida saqlaydi o’sha gumonni. Masalan, qo’liga qalbaki pul tushsa, yoki sifatsiz buyum sotib olib qo’ysa, avvaliga indamay turadi. Keyin… Yaxshilab mulohaza qilib ko’radi. Ishonsammi-yo’qmi deb ham qo’yadi…

Xullas, Marina bir kuni ishdan ertaroq qaytishga qaror qildi. To’g’ri-da, ishxonasida anchadan beri maosh bermayotgan bo’lishsa.

«Bu yerda quruqdan-quruq o’tirib nima qilaman? — deb o’yladi u. — Yaxshisi, uyga borib erimni xursand qilaman…»

Uyga kelib ichkariga kirdi-da, erini chaqira boshladi.

— Dadasi, men keldim! Qaerdasiz?..

Javob o’rniga yotoqxonadan hansirashga o’xshagan tovushlar eshitildi.

«Uxlayapti shekilli. — ko’nglidan o’tkazdi Marina…»

Ammo bir necha daqiqa o’tib eri chiqib keldi. Negadir yuzlari qizarib ketgan, ko’ylaklarining tugmalari qing’ir-qiyshiq qadalgan… Xuddi uxlayotib yomon tush ko’rgan-u, tushining o’zida qochib qolgan…

— Jim! — dedi er. — Baqirma!

— Nima bo’ldi? Tinchlikmi? — vahima aralash so’radi Marina.

— Eh, — yerga boqdi er. — Ochig’i, seni qo’rqitmoqchi emasdim. Lekin majburman.

— Nima bo’ldi o’zi? Tezroq gapirsangiz-chi!..

— Biznikiga Asya xola keldi.

— Qaysi Asya xola? Voronejlikmi?

— Shunday bo’lsa mayliydi… — bosh chayqadi er. — Televizordan keldi.

— Qaysi televizordan?

— O’zimizning televizordan… Reklama esingdami?.. E, uyma-uy yurib hammaning oq choyshabini yig’adigan bor-ku!..

— Ha-a, «Komet»ni reklama qiladigan ayolmi?

— Yo’q, «As»ni reklama qiladigani.

— Hech narsani tushunmayapman… — Marina yelka qisib ichkariga kirmoqchi bo’ldi.

— Yo’q! — uning yo’lini to’sdi er. — Mumkinmas…. Yaxshisi, choyshabni asrab qolishimiz kerak… Kirsang, hoziroq hammasini yirtib tashlashi mumkin.

— E, men unga!!!

— Sen bilmaysan-da, xotin!.. Asya xolaning ko’zlari qo’rqinchli. Shundoq qarasa bas, tamom bo’lasan…

Marina erining gapiga quloq solmay sekin eshik tirqishidan ichkariga mo’raladi. Haqiqatan qandaydir o’rta yosh ayol er-xotin uxlaydigan karavotning bir chetida o’tirar, qo’liga oq choyshabni ushlagancha har burchagini tekshirib ko’rardi. Ko’zlari ham eri aytganidek qo’rqinchlimi-ey!..

Marina bu ahvolni ko’rib xafa bo’lib ketdi. Axir, bu choyshablarni ozmuncha qiynalib olganmidi do’kondan!?. Bu bo’lsa, ezg’ilab o’tiribdi…

— Janjal bilan hech narsaga erisha olmaysan. — yupata boshladi er.

— Nega uni uyga kiritdingiz? — eriga yeb qo’ygudek tikildi Marina.

— Kim uni kiritibdi?.. O’zi televizorning ichidan chiqib keldi… Senga ming marta aytgandim, yaponcha televizor olmaylik deb. Mana oqibati… Yaramas yaponlar nimalarni o’ylab topishmabdi…

Shu tobda xona ichkarisidan choyshabning yirtilgan tovushi eshitildi.

— Ana, ko’rdingmi? — dedi er. — Boshlandi…

— Endi nima qilamiz? — yig’lagudek bo’lib eriga yuzlandi Marina.

— Endimi?.. Ayyorlik yo’liga o’tish kerak.

— Qanday qilib?

— Sen vannaxonaga kirib turasan. Men ustingdan qulflab qo’yaman. Televizorda reklama boshlanishi bilan uni qaytadan televizorning ichiga kiritib yuboraman. Ko’ribsanki, qutulamiz-qo’yamiz…

Nima ham qila olardi? Marina indamaygina vannaxonaga kirib ketdi. Asya xoladan qutulsak bo’ldi, dedi. Er eshikni tashqaridan qulflab qo’ydi…

Qancha vaqt o’tdi, bilmaydi. Bir mahal televizor bor ovozda baqirib, reklama boshlandi. Yarim soatdan so’ng er uni tashqariga chiqardi. Xayriyat, eri Asya xolani haqiqatan televizorning ichiga kiritib yuboribdi…

Ana o’sha voqeadan beri Marina televizor ko’rmay qo’ygan. Qo’rqadi. Yana Asya xola chiqib qolishidan cho’chiydi. Mabodo esidan chiqib televizor yoqilgan bo’lsa-yu, reklama boshlanib qolsa, yugurib boradi-da, televizorni o’chirib qo’yadi.

Olimjon HAYIT tayyorladi