BIR ShINGIL KULGI…

 

TAQDIR ChIZIG’I

(hajviya)

Tolmasov bir kuni o’zini juda yomon his qila boshladi. O’ylab ham o’tirmay do’xtirga bordi.

— Qani, chap kaftingizni ko’rsating-chi! — dedi vrach.

Tolmasov ko’rsatdi.

— Obbo, — bosh chayqadi vrach, — hayot chizig’ingiz o’ttiz yoshingizda tugarkan.

— Nima? — qo’rqib ketdi Tolmasov. — Endi nima qilaman, do’xtir?

— Hechqisi yo’q. Biz hozir buni to’g’rilaymiz.

Vrach qo’liga qizil qalam oldi-da, kaftdagi chiziqni uzaytirib qo’ydi.

— Rahmat! — dedi Tolmasov sal o’ziga kelib. — Endi… Haq masalasi… Qancha bo’ladi, do’xtir?

Vrach uning kaftiga bir nazar tashlab olgach, so’radi:

— Oyiga qancha moyana olasiz?

Tolmasov qizarib-bo’zarib qancha olishini aytdi.

— Shunaqami? — vrach qovog’ini uyib sekin joyiga o’tirdi.

— Do’xtir, mendayam qolib ketmaydi. Qarzdorman oldingizda. Iltimos, bir ilojini qiling!

— Yaxshi. Qo’lingizni bering!

Tolmasov unga qo’lini uzatdi. Vrach qalam bilan chiziqni yanayam uzaytirib qo’ydi.

— Qarang-a, mana buni qobiliyat desa bo’ladi, — xursand bo’lib narigi qo’lini uzatdi Tolmasov. — Bunisiniyam ko’ring-chi!..

— Bu kaftingizda umuman chiziq yo’q.

— Ie, endi nima bo’ladi?

— Bilmasam.

— Do’xtir, bir narsa qiling!.. Qarzdorman…

— Bo’pti, men sizni yo jahldor, yo mehribon odamga aylantirishim mumkin.

— Yaxshisi, mehribonga aylantiring!

Vrach Tolmasovning bu qo’liga ham chizib qo’ydi.

— Mana, bo’ldi.

— Do’xtir, ayollar… Masalasida qanday bo’larkanman?

— Uylanganmisiz?

— Ha.

— Unda… Shundayligingizcha qolasiz.

— Boshqacharoq yo’li yo’qmikan-a?..

— Yo’q, yo’q. Boshimni qotirmang!

— O’lay agar, uch martalab qarzdorman oldingizda. Bir ilojini qili-ing!

— Bo’pti, faqat ilmiy tomondan…

Vrach uning kaftiga ikkinchi chiziqni o’rnatdi.

— Bo’ldimi?

— Bo’ldi.

— Do’xtir aka, sizga to’rt martalab qarzdor bo’laylik.

— Uf-f, jonga tegdingiz-ku! Yana nima istaysiz?

— Xotinimning ikkala kaftidagi hamma chiziqlarni o’chirib bering!..

Hormasboy TOLMASBOYEV tayyorladi