MUShUKLARNING SULTONI
(hajviya)
Mallacha momomning aytishicha, men krutoy qizlardan ekanman.
“Voy, momo, mening qizligim qoptimi? Anavi og’zingdan qoning kelgur qozoqi malla necha marta nomusimga tekkan. Mana, endi to’rtta bolaga ona bo’le-eb o’tiribman.”, desam, mallacha momo kulib: “Voy o’zimning sultonoy qizim-ey, bir shoirning “Oyday to’lishgan juvon qizday shirin bo’larkan” degan she’rini eshitmaganmisan deyman? Qara, yunglaringning hurpayganini! Dumingning o’ziyam manaman degan erkakka seni qizday qilib ko’rsatadi”, deb kuldi…
Shundan keyin o’zim ham o’ylab qoldim. Ko’zguga boqdim. Garchi shimpanze og’alar kabi ko’zgudagi aksimni taniy olmasam-da, baribir ko’nglim hayitdagiday ko’tarildi. Ko’zgudan ja ketvorgan, ko’zlarim moviy, dumlari otnikiniyam changida qoldirar inastranka mushuk menga qarab turardi. Mallacha momomning gaplaridan o’zimcha xulosa qilib, o’sha ko’zgudagi o’zim ekanimni miyamga tozza singdirdim…
Voh, shunday kelishgan qiz ekanman-u, ko’chada qayoqdagi qozoqi malla erkaklarga sirimni berib yuribman ekan-a!..
E, egachi, mushuklarga osonmas. Ko’chada qolsa, sovuqdan yo ochlikdan o’lib ketadi. Yaxshi xo’jayinga tushsa, kuni tug’adi. Yomoniga tushsa-chi? Qurib ketsin. Nervniy bo’p qoladi…
Mana, men uyimdagi xo’jaykamdan sira nolimayman. U kishiyam menga o’xshab inastrankaykan. Buni o’zbekcha so’zlarni buzib-buzib gapirishidan sezib qolganman…
Nima? O’zbekchani qaydan bilasan dedingizmi? Voy-bo’-o’! Opovsi, meni Sulton deb qo’yibdi. Qozoqchani bilgan, o’zbekchani bilmaymanmi? Mening momo-xolalarim-chi, hov o’sha Sulaymonshoh davridagi manaman degan Esma sultonlarning saroyida sichqon-kalamush ovlovchi bo’lib ishlashgan. Mallacha momom gapirib bergan. Ja sersavlat, ketvorgan sultonlar bo’lishgan ekan. To’g’ri-da, sattang-a podsholar saroyida sichqon-kalamush ovlovchi bo’lib xizmatga joylashish osonakanmi?!. Unaqa joylarga duch kelgan mushukni olaverishmaydi. Bizga o’xshagan sultonzodalarnigina olishadi…
Ha, xo’jayka juda mehribon, kuyinchak. Ko’p marta dugonalariga gapirganda eshitganman. Menga o’xshagan oliy zotli mushuklarni yaxshi ko’rarkan. Shuning uchun bo’lsa kerak nuqul og’zimga bir-biridan mazali ovqatlarni tiqadi. Yeyman, minnatdor bo’laman. O’zbekcha gapira olmaganim uchun lablarimni yalay-yalay rahmat aytgan bo’laman…
Ammo xo’jaykaning eridan kuyganman. Qandaydir g’alati nusxa. Dovdirroqmi-ey, kasalmandmi-ey! Qachon qarasa, xo’jaykam sho’rlik tepasida parvona bo’lib ukol qiladi. Menimcha bu nusxaning tomi ketgan. Jinnixonadan chiqqan bo’lsa kerak. Negaki, nuqul mazali ovqatga og’zim tegdi deguncha onamdan so’kadi. Faqat onamdan so’kadi. “Hey, sen jinnisifat, mening onamni ko’rganmiding? Onam qayda-yu, sen qayda?!. Ha og’zingdan qoning kelgu-ur! Qirchiningdan qiyilgu-ur! Nosingga tiqilib o’lgu-ur! Traktorning tagida qolgu-ur! Juvonmarggina o’lgu-ur! Onamni so’kkuncha tilginang uzilib tushsa bo’lmasmidi?!.”, deb baqirgim keladi-yu, tilimni tiyaman. Chunki baribir u “tupoy”. Mening tilimni tushunmaydi…
Shu xo’jayinni eslasam-chi, qo’shni pod’yezddagi Markiza degan yovvoyi mushuk ko’z oldimga keladi. Uyam xo’jayinga o’xshab tupoyroq. Qachon qarasa, ikkiqat, qachon nazar solsam, tug’adigan…
Uyat, bet degan narsa yo’q. Mahalladagi jami erkak mushuklarminan don olishib chiqqan. He o’l, fohisha! Ayol degan sal tortinchoqroq, hayoliroq bo’lsa-da…
Yo’q, tamom! Agar xo’jayin yana bir marta onamdan so’ksa-chi…
Ha, onamdan so’ksa…
Nosqovog’ini yashirib qo’yib zir yugurtiraman.
Yugurtirmasam…
Yugurtirmasam, qasam ichib aytamanki, sulton otimni Markiza qo’yaman!
Ishonovring, opovsi!
Mya-u-u-u!!!
Olimjon HAYIT