BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

«TADBIRKOR»

 

(hajviya)

 

Devor yiqilsa ichiga…

 

Tanimasangiz tanib oling. Men Topvoldi Sotvoldiyevich bo’laman. Shaharning bir chetida shinamgina, kamtargina do’konim bor. Anglagan bo’lsangiz, zamonaviy tadbirkorlardanman. Iqtisodga, ichki madaniyatga nihoyatda jiddiy qarayman. Chunki busiz tirikchilik qilib bo’lmaydi.

Masalan, do’konimda xotinimning o’zi farroshlik qiladi. To’g’ri-da, begonani ishga olsam, shartnoma tuzib, otning kallasiday maosh to’lashim, uning ziqnaliklarini, injiqliklarini ko’tarishim kerak. Qolaversa, begona farroshlik qilsa, do’konni faqat bir martagina tozalashi mumkin. Ortiqchasiga haq talab qiladi. Xotinimni esa uch marta tozalashga majburlayman. G’ing deyolmaydi. Oramizda qolsin-u, xotinboyni qo’rqitib qo’yganman. Begona, chiroyli ayol bilan do’konda yolg’iz qolishimni tasavvur qiladi-yu, tilini tishlaydi. Rashki kelsa kerak…

O’g’limni yuk tashuvchilikka ishga olganman. Ie, bekorga boqib katta qildimmi uni?!. Devday o’g’il turganda, shahardan mardikor opkelib ishlatsam, odamlar nima deydi?.. Qisqasi, «devor yiqilsa ichiga», deganlaridek, tashkiliy ishlarni besh qilib qo’yganman…

Madaniyat

Odamlar g’alati-da, vey! Ichki madaniyat qolmabdi ularda. So’zlashish qoidasiniyam bilishmaydi. Mana, masalan, o’tgan kuni kap-katta, o’n sakkizni urib qo’ygan qiz do’konga kirib keldi. He yo’q, be yo’q, menga ko’zlarini lo’q qilgancha «Menga bir kilo shakar bering!», deydi-ya!.. Azbaroyi ensam qotganidan mo’ylovim uchib-uchib ketdi.

— Bermayman, — dedim menam ko’zimni lo’q qilib. — Xo’sh, qo’lingdan nima keladi?..

Qiz ham ko’cha ko’rmaganmi, bilmayman, labini pulkillatgancha chiqib ketdi…

Oka, odamlarda madaniyat degan narsa qolmagan bo’lsa, menda nima ayb? O’sha qiz muloyimlik bilan, siniqqan holda bosh egib «Oka, iltimos, mumkin bo’lsa menga bir kilo shakar bersangiz!», desa tili uzilib tushmasdi-ku, to’g’rimi?..

 

Mayda-chuydalarga tobim yo’q…

 

O’tgan kuni jig’ibiyron bo’lib o’tirsam, bo’yi terakday bir bola kirib kelib, tomdan tarasha tushganday, stol ustiga bir dasta besh yuz, mingtaliklarni tashladi. Jon-ponim chiqib ketayozdi.

— Ha, — dedim bolaga xezlanib. — Nima kerak senga?

U bo’lsa, menga yeb qo’ygudek o’qrayib, o’ng tarafga ishora qildi.

— Pista yog’i kerak!..

Oka, siz umuman betaraf odamsiz. Ayting, shunaqayam muomala bo’ladimi? Yo’q, ayting, manavi besh yuz, mingtaliklarni nega uyalmasdan do’konga ko’tarib keladi-a? Bilaman, otasi sandiqqa faqat besh mingtaliklarni ursa kerak. Xo’sh, biz shunchalik maydakashmizmi? Bizga mayda-chuyda pullarni tutqazsa, indamay qolaveramizmi?

— Yog’ sotilmaydi, — dedim bazo’r o’zimni bosib. — Manavilaringni olib qo’y, choychaqa qilasan!..

Qarasam, bola astoydil mushtlashmoqchi!

— Ie, — dedim iyagini mahkam siqib. — Kimligimni bilasanmi o’zi? Menminan mushtlashmoqchimisan? Menminan-a? Ho’v, bacha, bilmasang, bilib qo’y, bu yerning katta boyi menman, tushundingmi!?. Bor, ishonganingni boshlab kel! He o’sha…

Be, shulardan qo’rqsak, nima qilib yuribmiz tadbirkor bo’lib?!. Qo’lini qo’ltig’iga urdi-yu, chiqib ketdi bola. Chiqmay qaergayam borardi?!. Bilaman, besh ming foiz «garantiya» beraman. O’sha bola yana do’konimga kiradi. Ammo endi yirik pulminan kiradi, ha!..

 

«Maoshimni oshiring, adasi!..»

 

«O’zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga?», deb bekorga aytishmagan ekan. Bolamning onasi, yigirma yildan beri bir yostiqqa bosh qo’ygan xotinim zako’nchilik qip tursa, dardimni kimga aytaman? Kecha do’konga kirsam, pol yuvilmagan, deraza, peshtaxtalarni chang bosib yotibdi. Xotinboy bo’lsa, ters o’girilib o’tiribdi. Vey, men kirib borsam ham munday hurmat uchun joyidan jilib qo’ymadi bachchag’ar! Harqalay, boshliq degan nomim bor, axir!

— Ha, g’alcha, chap yoningminan turdingmi nima balo? — so’radim tadbirkorlik madaniyatini oyoqosti qilmagan holda qaddimni g’oz tutib. — Salom qani? Ering… E, boshlig’ing keldi! Turmaysanmi?

Xotinboy istar-istamas, o’rnidan qo’zg’aldi-da, men tomon o’girilib, ikki qo’lini beliga tiradi. Ishonasizmi, bu qilig’ini ko’rib rangim oqarib ketdi, nima ayb qilib qo’ydim ekan deb yuragim shuv etdi. Ie, to’g’ri-da, beayb parvardigor deydilar. Xudo ko’rsatmasin, kayfiyat chog’lig’ida biror begona ayolga ko’z suzib yuborgan bo’lsam-u… Tuf-tuf-tuf!.. Xudo asrasin xotin bilib qolishidan…

Yo’q, undaymasakan. Xotinim birpas lab burib turgach, nihoyat maqsadga ko’chdi.

— Maoshimni ellik foizga oshirasiz, — dedi u ko’zini lo’q qilib. — Bu maoshga ishlamayman.

Yo navzambillo! «Radno’y» xotining shunday deb tursa-ya! Begonadan nima kutay unda? Aqlini yeganmi bu?..

Shu tobda kutilmagan gapni eshitibmi, yo xotinim sotqinlik qila boshlagani alam qildimi, qaysarligim tutdi.

— Shunaqami? — dedim aftim burishib, beixtiyor jinlarim qo’zg’olon qilib. — Oshirmasam, qo’lingdan nima keladi?

— Oshirmasangiz, falonchi akaning do’koniga o’tib ishlayman.

— Nima?.. Sen-a? Ja oshirvormayapsanmi?

— Kuniga uch marta pol yuvib, oladigan maoshim hemiri, — battar tutoqdi xotinim. — Nima, sizga o’yinchoq bo’ldimmi? Tez bir qarorga keling! Aks holda falonchi akaning do’koniga jo’nayman!..

Oka, hozirgi xodimlarda etika degan narsa qolmabdi. Aslida qoidasi bo’yicha xodim qo’lida arizaminan qabulimni kutib, ana undan keyin ruxsat so’ragan holda kabinetimga kirishi lozim edi. Bunisi qiziq bo’ldi-ku! To’g’ri, xotinim, bolamning onasi! Lokigin biz hozir uydamasmiz-ku, axir! Ishxonada, aniqrog’i, ofisdamiz. Nega bunday betgachoparlik qiladi? Nima uchun rahbarlik hurmatimni bir pul qiladi bu farrosh?..

Mana shunday savollar naq o’n besh daqiqa miyamni kemirdi. Shaytonim «Supurgi, lattasini qo’lidan tortib ol-u, haydab sol uni!» deyaverdi. Meni qandaydir ichki qudrat g’olib bo’lishga, boshni baland ko’tarishga, mag’rur bo’lishga undadi. Afsuski, ulgurmadim. Yaqin tanishim qo’ng’iroq qilib yarim soat ichida tekshiruvchilar kelishini shipshitib qoldi. Nima qilay? Tekshiruvchi kelguncha do’kon yog’ tushsa yalagudek toza bo’lishi kerak. Bu muammoning tadbirini topmasam bo’lmasdi. Xotinimning shartiga rozilik berishga majbur bo’ldim. Maoshini ellik foizga oshirdim. Ammo… Buyog’iga polni kuniga uchmas, to’rt marta yuvadigan bo’ldi. Shunday qattiqqo’llik qilmasam bo’lmasdi-da! Nima bo’lgandayam tadbirkorman, axir!

Olimjon HAYIT