teri uchun kosmetik vosita tayyorlasa bo'ladigan kundalik mahsulotlar

Uydagi qaysi mahsulotlardan yuz uchun loson, skrab singari kosmetik vositalar tayyorlash mumkinligi haqida «Domashniy ochag» nashri ma’lumot berib o’tadi.

Qahva

Qahva donachalari magniy va vitaminga boy. Kosmetik vosita sifatida qo’llanganda antioksidant va antibakterial ta’sir ko’rsatadi. Undan skrab tayyorlash uchun uch choy qoshiq qahvaga bir choy qoshiq tuz qo’shish kerak bo’ladi. Bunday skrab terini tozalab, namlantirishga yordam beradi.

Bodring

Bodring nafaqat iste’mol, balki kosmetik maqsadda foydalanish uchun ham eng yaxshi mahsulot sanaladi. Tonik tayyorlash uchun ikkita bodringni qirg’ichdan chiqarib, dokada suvini siqish va unga 2 osh qoshiq asal qo’shish kerak. Tayyorlangan tonikni yuz va bo’yin qismiga kuniga 2 marta sursangiz bo’ladi.

Kivi

Kivida teri uchun foydali bo’lgan C vitamin mujassam. Bir dona kivi, ikki osh qoshiq bodom yog’i va bir qoshiq asal, shuningdek, ikki tomchi apelsin essensiyasi qo’shib skrab tayyorlasa bo’ladi. Buning uchun barcha mahsulotlarni blenderda aralashtirish kerak. Yuz va bo’yinga surtib, 10-15 daqiqadan keyin yuvib tashlang.

Tog’jambil

Tog’jambil tonusni yaxshilashi va dezinfeksiyalovchi xususiyatga ega ekani bilan yaxshi ma’lum. Terini yaxshilovchi loson tayyorlash uchun tog’jambilga arpabodiyon urug’ini qo’shish kerak. Buning uchun ularning ikkisini 1 stakan qaynagan suvga solib dimlab qo’yish lozim. Shundan keyin unga limon sharbati qo’shing. Soviganidan keyin sovitkichga qo’yish kerak. Ushbu losonni har kuni ertalab teriga sursa bo’ladi.