Faqatgina "yangidek" ko‘rinishga ega bo‘lgan liboslar kiying
O‘z liboslaringizga nisbatan bee’tibor bo‘lmang, ularning yangidek holatda saqlanishi va sizga imkon qadar ko‘proq xizmat qilishi uchun ularni yuvish jarayonida libos yorlig‘idagi barcha jihatlarga diqqat qarating. Libosni yuvish avvalidan uni teskari tomonga ag‘daring va kir yuvish davomiyligini 35-40 daqiqadan oshirib yubormang. Nozik matoli liboslarni kir yuvish mashinasida emas, qo‘lda yuvish tavsiya etiladi.
Tugmalarni almashtiring
Libosga hashamatli ko‘rinish berishning eng oddiy usullaridan biri undagi barcha tugmalarni almashtirib chiqish hisoblanadi. Plastmassadan ishlangan tugmalarni sifatli va metalldan ishlangan tugmalarga almashtiring.
Oq rang haqida unutmang
O‘zingiz istagan kunlarning birida boshdan oyoq oq rangdagi liboslar kiying. Bu oq rangli shim, ko‘ylak, palto bo‘lishi ham mumkin. Oq rang har qachon hashamatli ko‘rinish hosil qilish uchun yordam berib kelgan. Oq rangli liboslardan tashkil topgan qishki obrazlar yana ham chiroyli va hashamatli ko‘rinadi.
Imkon qadar sokin rangli liboslar tanlang.
Och va sokin ranglar o‘zaro uyg‘unlashgtirilgan holatda jozibador ko‘rinish hosil qiladi. Shu sababli ham bir nechta turdagi och ranglarni moslashtirib, yangi obraz yaratishga harakat qilib ko‘ring. Och jigarrang, och pushti, oq ranglar ham hashamatli qiyofa yaratishda juda qo‘lkeladi.
Vaqtga qarshi ishlaydigan garderob
To‘g‘ri bichimli palto, sifatli materialdan yaratilgan trench, ko‘k rangli jinsi, bir nechta vodolazka, «qalamcha» bichimidagi yubka… Bularning barchasi hech qachon urfdan qolmaydigan topilmalar sirasiga kiradi. Ularga moda olamining shiddatli to‘fonlari ta’sir qila olmaydi. Mazkur liboslarga bir nechta aksessuar qo‘shish orqali esa klassik ust-boshlarni zamonga moslashtirib olishingiz mumkin.
Aksessuarlar sifatli bo‘lishi kerak
Sumka, kamar, bosh kiyimlar va boshqa aksessuarlarni harid qilish paytida arzon narxiga uchmang. Dizaynerlar did bilan tanlangan aksessuar urfdan qolgan libosni ham trendga aylantirib berishi mumkin ekanligi haqida aytadilar. Yana bir muhim qoida yodingizda bo‘lsin, unchalik ham mashhur bo‘lmagan brendning o‘rtamiyona narxdagi sifatli sumkasi «Shanel»ning soxlashtirilgan aksessuaridan ustunroqdir.
"Qayiqcha" uslubidagi poyabzal
Qanchalar jiddiy uslubda kiyingan bo‘lmang, oyoqlaringizni ajoyib poyabzal bezab turmas ekan, qilgan harakatlaringizning barchasi bekor. Yana bir gap: «qayiqcha» uslubidagi tufli — u xoh qimmat do‘kondan, xoh bozordan sotib olingan bo‘lsin — har qanday holatda ham juda chiroyli va hashamatli ko‘rinadi.
Printlarga bee’tibor bo‘lmang!
Aksariyat ayollar o‘ylagani kabi libos printlari qiyofaga bachkanalik bag‘ishlamaydi. Aksincha, ular ajoyib qiyofa va uslub hosil qilib berishi mumkin. Vaqt sinovlaridan omadli o‘tgan printlar — katak gullar, yo‘l-yo‘l chiziqlar, nuqtalar aynan shular jumlasidandir.
O‘zgaring!
Zamonaviy moda olamida imkoniyatlar tushunchasining hech qanday chegarasi yo‘q. O‘zingizni ma’lum bir uslub bilan chegaralab qo‘ymang. Garderobingizda sport uslubidagi liboslar, romantik ko‘rinishga ega ko‘ylaklar, jiddiy kiyimlar ham bo‘lishi kerak. Koko Shanel ta’kidlaganidek: » Betakror bo‘lish uchun ayol kishi har kuni o‘zgarishi lozim!». Buni unutmang.