Singapur Prezidenti Halima Yoqub ertaga O'zbekistonga keladi

Singapur Prezidenti Halima Yoqub ertaga, 23 may kuni O’zbekistonga keladi. Bu haqda Singapur Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Halima Yoqub hozirda Qozog’istonda bo’lib turibdi. Davlat rahbari 23 may kuni Qozog’istonga tashrifini yakunlab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan O’zbekistonga keladi.

Tashrif kun tartibiga ko’ra, Halima Yoqub Singapur-O’zbekiston biznes forumida ikki mamlakat ishbilarmonlari bilan uchrashadi va shundan so’ng Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga tashrif buyuradi. Bundan tashqari, Singapur Prezidenti Samarqandga borishi va viloyat hokimi Erkinjon Turdimov bilan ham uchrashishi kutilmoqda.

Halima Yoqubning O’zbekistonga safari davomida unga Singapurning bir qator yuqori mansabdorlari va vazirlar hamrohlik qiladi.