25 yanvar kuni Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining “Masters” guruhi 10-tur bahsida Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 2-o’rindan joy olgan xitoylik Din Lijen bilan bahslashdi. Bu haqda O’zA yozmoqda.
Ta’kidlanishicha, o’ziga xos taktik yurishlar bilan boshlangan uchrashuvda har ikki mahoratli shaxmatchi vaziyatni to’liq nazorat qilib bordi.
O’yinning 27-yurishidan keyingi holatda kuchlar tengligini inobatga olgan xitoylik shaxmatchi hamyurtimizga murosa yo’lini taklif etdi. Shu tariqa Abdusattorov – Din Lijen uchrashuvi durang bilan yakunlandi. Nodirbek Abdusattorov 7 ochko jamg’arib, turnirdagi yetakchilik mavqeini saqlab qoldi.
Nodirbekning 27 yanvarda bo’ladigan 11-turdagi raqibi musobaqaga tashlangan qur’a natijasiga ko’ra, Anish Giri hisoblanadi. Mazkur bahsda hamyurtimiz qora donalarda harakatlanadi.
“Chellenjer” guruhida ishtirok etayotgan Javohir Sindorov ayni daqiqalarda niderlandiyalik Ervin L’Ami bilan kuch sinashmoqda.