Shaxmat bo'yicha “Prezident kubogi” xalqaro turniri start oldi

Bugun, 11 noyabr kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida aql-idrok gimnastikasi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir boshlandi. Unda dunyoning 9ta davlatidan jami 104 nafar mahoratli shaxmat ustalari g’oliblik uchun dona surishadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida mamlakatimizda shaxmatni yanada ommalashtirish, sportchilarimizning FIDE reytingidagi o’rnini oshirish maqsadida har yili O’zbekistonda 5ta xalqaro shaxmat turnirini o’tkazish belgilangan. Prezident sovrini uchun o’tkazilayotgan xalqaro turnir ham aynan shu maqsadda tashkil etildi.

“Prezident kubogi” xalqaro shaxmat turniri O’zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan FIDE ko’magida hamda Turizm va sport vazirligi bilan hamkorlikda o’tkazilmoqda.

Bugun Prezident kubogi xalqaro turniriga bag’ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda O’zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbariyati, turnir referisi, armanistonlik taniqli xalqaro hakam Ashot Vardapetyan, turnir direktori Ahmadjon Erkaboyev hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastavval OAV vakillariga musobaqa haqida qisqacha ma’lumot berildi. Bugungi pandemik vaziyatda “Prezident kubogi” xalqaro turniriga dunyoning 10ga yaqin mamlakatidan 27 nafar grossmeyster, 16 nafar xalqaro master, ko’plab FIDE ustasi hamda sport ustalari ishtirok etishayotgani musobaqaning nufuzi ancha yuqori ekanligidan darak beradi.

Matbuot anjumanida so’z olgan musobaqa referisi Ashot Vardapetyan bugungi kunda yurtimiz shaxmatchilari dunyo reytingida o’z o’rniga ega ekanligini alohida ta’kidlab, juda ko’plab davlatlar “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Prezident qaroriga o’xshagan hujjatlarning qabul qilinishini faqat orzu qilishini ham e’tirof etdi.

Shuningdek, anjumanda so’zga chiqqan A.Erkaboyev bugungi kunda o’zbek shaxmatida yetishib chiqayotgan iqtidorli yoshlarimiz haqida to’xtalib, ularni o’zbek shaxmatining oltin avlodi, deya e’tirof etdi. Qolaversa, Prezident qarori imzolanganda O’zbekiston FIDE reytingida 30-o’rinni egallab turgan bo’lsaA, bugungi kunda 26-o’ringa ko’tarilganini va yil yakuniga qadar mavqei yanada yuksalishini ham aytib o’tdi. Agar yutuqlarimiz shu zaylda davom etsa, O’zbekiston 2025 yilga borib bemalol dunyo reytingida kuchli o’ntalikka kirishiga ishonch bildirdi.

So’ngra turnirning rasmiy ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Turizm va sport vazirining o’rinbosari Avazjon Karimov ishtirok etdi va barcha shaxmatchilarga omad tiladi. Aynan vazir o’rinbosari hamda jahonning 17-chempioni, hamyurtimiz Rustam Qosimjonov ramziy yurish bilan xalqaro turnirni ochib berishdi.

Xalqaro turnir shveysarcha tizim bo’yicha ikki bosqichda – guruh bosqichi yarim final (onlayn) va final (7 tur, taxta ustida), shuningdek, asosiy bosqich (10 tur) bo’yicha o’tkaziladi.

Musobaqada quyidagi davlatlar vakillari ishtirok etishmoqda: Ozarbayjon – 1 nafar, Belarus – 3, Eron – 1, Qozog’iston – 16, Rossiya Federatsiyasi – 7, Tojikiston – 3, Ukraina – 8, AQSh – 4 hamda O’zbekiston – 61 nafar.

Asosiy bosqich uchun ro’yxatdan o’tgan barcha shaxmatchilar bugun blis-turnirda ishtirok etishdi.

Xalqaro turnirda O’zbekiston sharafini Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Javohir Sindarov kabi yosh va iqtidorli grossmeysterlarimiz himoya qilishadi.

Eslatib o’tamiz, “Prezident kubogi” xalqaro turnirining umumiy mukofot jamg’armasi 120 000 AQSh dollarini tashkil qiladi.