O'zbekistonda xorijiy ta'lim muassasasi hujjatininig tan olinishi qanday tartibda amalga oshiriladi?

AOKAda 13 aprel, seshanba kuni bo’lib o’tgan brifingda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova O’zbekistonda xorijiy ta’lim muassasasi hujjatininig tan olinishi qanday tartibda amalga oshirilishini ma’lum qildi.

 

Mutaxassisning so’zlariga qo’ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 iyuldagi qaroriga muvofiq, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjatlarni nostrifikatsiya qilish uchun bevosita davlat xizmatlari markazlariga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ro’yxatdan o’tgan holda murojaat qilish mumkin.

 

Uning ta’kidlashicha, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjatlarni tan olish uchun so’rovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

 

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi;

xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjat va unga ilovaning davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi.

«Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilinganda talabgorning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to’g’risidagi hujjat va unga ilovaning asl nusxasi O’zbekiston Respublikasi davlat tiliga tarjima qilingan notarial tasdiqlangan nusxasi bilan birga davlat xizmatlari markazi xodimiga taqdim etiladi», — dedi Sevara Zokirova.

 

Uning aytishicha, xorijiy davlatlarda ta’limi olganlik to’g’risidagi hujjatlarni tan olish bo’yicha davlat xizmatini ko’rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida yig’im undiriladi.

 

Shuningdek, AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Koreya, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan talabgorlarning hujjatlari to’g’ridan-to’g’ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi.

 

Manba: Bugun.uz