Mixail ZADORNOV
Metroga tushib ketayotib boshlig’imga bugun uxlab qolganimni, shuning uchun ishga kechikib borishimni aytmoqchi bo’ldim. Afsuski, yo’l chetidagi telefonlarga ikki tiyinlik tanga tashlamasa ulab berishmaydi. Menda esa tanga yo’q. Sal narida gazeta sotadigan budkacha bor ekan. Shu yerdan ikki tiyinlik topilib qolar degan niyatda teshikchasidan ichkariga mo’raladim.
— O’n tiyinlikni ikki tiyinlikka maydalab berolmaysizmi? — so’radim xo’ppa semiz sotuvchidan.
U hojatimni chiqarish o’rniga bobillab berdi.
— Shundan boshqa ishim yo’qmi? Bor, nari ket!..
Nima qilay? Qo’ng’iroq qilmasam bo’lmasdi. Panaga o’tdim-da, egnimdagi kurtkamni yechib yana budkaga yaqinlashdim. Endi meni sotuvchi xotin tanimasligi aniq edi. Unga bitta uch tiyinlik tanga tutqazib, gugurt berishini so’radim.
Baxtga qarshi tag’in niyatim amalga oshmadi. Sotuvchi xotin menga uch quti gurut berdi. Eh, qandaydir ikki quti gugurtni deb u bilan pachakilashib o’tirishga andisha qoldim.
Yana panaga o’tdim-da, sochimni boshqa tarafga taradim. Keyin u meni tanib qolmasin degan xayolda budkaga yaqin borib muloyim ovozda so’z qotdim.
— Iltimos, ikki so’m to’qson sakkiz tiyinlik soat kamarchasidan bering!
Sotuvchi xotin qo’limdan uch so’mlik pulni oldi-yu, meni hayron qoldirgan holda kamarchaga qo’shib qaytimiga ikki quti gugurt tashladi.
Alam qilarkan. Axir, shu gugurt o’rniga bir dona ikki tiyinlik tanga bersa asakasi ketmaydi-ku!
— Menga gugurt kerakmas! — deya baqirdim alamimga chiday olmay.
— Boshqa beradigan narsam yo’q! — dedi sotuvchi ko’zini lo’q qilib. — Agar gugurt olmasang, mayli, tish tozalagich beraman!
Yuragim taka-puka bo’lib soatga qaradim. Vaqt yelday uchib borayapti.
«Shunaqami? — o’yladim asta nari ketarkanman. — Ikki tiyinliging bo’lmasa, o’n tiyinlikminan qo’ng’iroq qilaman. O’n tiyinlik ko’p senda, bilaman!..»
Panaga o’tdim-da, belimni bukchaytirib, o’zimni xuddi radikulitga uchragan odamdek tutib ortga qaytdim.
— O-opa, — dedim atayin duduqlanib. — Me-enga yetti so’m-u to’qson tiyin turadigan qutichangizdan bering!
Xayriyat, bu gal sotuvchi xotin qaytimiga bitta o’n tiyinlik tanga uzatdi. Ming afsuslar bo’lsinki, tanga qiyshiq ekan. Telefon teshikchasidan o’tmadi.
Ikkinchi marta quticha sotib olishning foydasi yo’q edi. Qaytadan panaga o’tdim va endi o’zimni oqsoqqa solib budkaga yaqinlashdim.
— O-opa, yigirma uch so’m to’qson tiyin turadigan papiros qutingizdan be-ering! — dedim duduqlangannamo.
Bu quticha ajoyib edi. Og’zingizga qutichani yaqin olib borib «Pusk» degan tugmachasini bossangiz, o’zi sigaret siqarib beradi. Nima qilay? Menga ikki tiyinlik tanga juda zarur. Shuning uchun yigirma uch so’mdan kechishgayam tayyor edim.
Baxtga qarshi sotuvchi ayol bu safar qaytimiga ikkita besh tiyinlik tanga berdi.
Men yana bir necha marta goh qiyofamni, goh tovushimni o’zgartirgan holda sotuvchi ayoldan buyumlar sotib oldim. Ish yurishmasa qiyin ekan. Har gal ayol qo’limga besh tiyinlik tangalarni tutqazaverdi.
Endi so’nggi harakatni amalga oshirishim lozim edi. Agar shu imkoniyatdan ham muvaffaqiyatsiz foydalansam, tamom bo’lardim.
Men oltmish so’m sakson sakkiz tiyin turadigan ayollar uzugini sotib olishga ahd qildim. Bu haqiqatan so’nggi umidim. Insof qilsa, sotuvchi ayol qaytimiga bitta ikki tiyinlik berar, yo’qsa…
Omadim chopmadi. Qaytimiga ikki tiyinlik ololmadim. Shundan keyin sal naridagi do’konga kirib jun ro’mol sotib oldim. Tag’in ikki tiyindan darak bo’lmadi.
Alamimga chidolmay jun ro’molni boshimga o’rab turgan mahalim…
Siz militsionerlar kelib qoldingiz. Mendan shubhalanib bo’limga olib keldingiz. Shuning bilan men tushuntirish xatimni tugallayman, o’rtoq militsionerlar! Sizlardan iltimos, telefoningizdan boshlig’imga qo’ng’iroq qilishga ruxsat bering! Men unga uxlab qolganim sababli ishga kech borishimni aytib qo’yay! Mana, soat ham kechki oltiga qarab ketdi. Agar shoshilmasam, ish vaqti tugaydi-yu, boshlig’im uyiga jo’naydi!
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi.