HAQIQIY HANGOMA MANA MUNDAY BO'PTI…

 

HOShIM OTANING HIYLASI

 

(hajviya)

 

Bitta cholga o’n kampir

 

Umrim bino bo’lib yurak nega jizillashini bilmasdim. Ilgari kattalar «Voy, yuragim jizillab ketyapti, bannisaga oboringlar», desa, kulgim qistardi. «Yurak jizzillasayam bannisaga yotaversa, o’yinchoq bo’pti-da o’sha bannisasi», deb qo’l siltardim. Mana, yoshim saksonga yetganda, o’zimning boshimga tushib turibdi. Yurak deganlari shunaqa jizillarkanki, ot o’yin qilib yuborarkan odamni. Xuddi uloqni qo’ldan bergan chavandozday o’zingni hali uyoqqa, hali buyoqqa urib inqillayverarkansan. Dodingni xudodan boshqa hech kim eshitmaskan…

Keyin desangiz, bannisasida yote-eb, yuragim nima sababdan jizillaganini, nega jonim og’rib boraverishini obdon qidirib ko’rdim. O’ylab qarasam, umrim bino bo’lib, yigit yoshiga yetgandan beri o’n marta uylanib qo’yibman. Ammo kampirlarim vafo qilmadi. Endi ko’nikkanimda o’lib beraverdi. Men har safar shumshaygancha hayhotday hovlida qolaverdim. Lokigin oxirgi kampirim Suydinisa meni ja yaxshi ko’rardi. Iyib ketganda soqolimni tortib-tortib qo’yardi. Ishqilib, shu tushmagur oyog’imdan tortmayotganmikan? Xuddi shu o’y kallamga keldi-yu, bombadan cho’chigan askardek shartta qaddimni ko’tarib atrofga alangladim va tag’in mulohaza qila boshladim. Ha, Suydinisam tushmagur o’layotib: «Hoy chol, mendan keyin haligiday… a?..» deb kulimsirab qo’ygandi. Kampir tushmagur o’n birinchisiga uylanmasligimni tayinlaganini tushunganman o’shanda… Be, saksonga kirganda uylanishni kim qo’yibdi!?. Shuni bilib turgandir u fitnam! Nimaga tushimga kirib bezovta qilaveradi unda? Ana, o’tgan kuni kechasi tushimda nuqul qo’limdan tortqilab qaergadir olib bormoqchi bo’libdi… Bormadim, ha! Ahmoqmasman!.. Mayli, menga desa yuz marta tushimga kirib oyog’imdan tortqilasin, borib bo’pman! Ha, hali uzo-q yashaydi Hoshim ota! Yuragi jizillasa, kampirlarning ketidan ketaveradigan qo’rqoqmas u!..

 

Axlat

 

Baribir hech vaqoni tushunmadim. Bannisa deganlari ja bo’lmaydigan joyakan. Hali dori berishadi, hali joningni og’ritib badaningga igna sanchib ketishadi. Yurak baribir jizillayveradi. Nega? Shuncha dori-darmon qay go’rga ketyapti o’zi? Umuman, yurak jizillaganda nega behuzur bo’laman? Sababi ne?..

Xayriyat, shunday o’ylar miyamni kemirib qovoq uygancha boshimni ters burgan ko’yi o’tirgandim, do’xtir bola kirib qoldi. Qurmag’ur yigirmadan o’tganmi-yo’qmi, mo’ylovcha qo’yvolibdi. Qarashlarni qarang! Xuddi kurashda bosh sovrinni yelkaga ilib kelgan g’olibday yomon qaraydi-ya odamga!..

— Bolam, — dedim bir ko’zimni qisgancha do’xtir bolaga boqib. — Yurak nega jizillashdan to’xtamayapti? Nima uchun jizillaydi-yu, qarigan chog’imda behuzur qilaveradi?

Do’xtir bola allambalo simlarga ulangan uskunasini hali yuragimga, hali yelka osha o’pkamga bosi-ib birpas tek turdi-da, o’rnidan qo’zg’aldi.

— Yurak jizillamaydi, ota, — dedi u. — Og’riydi. Sizning yuragingiz shunaqa… Xuddi jizillaganday og’riyaptiykan. Xavotirga tushmang, hali ko’rmaganday bo’p ketasiz.

— Yo’q, — dedim do’xtir bolaning bilagiga yopishib. — Og’rishini tushundim. Ammo nega og’riydi? Biror sababi bo’lishi kerak-ku, bolam! O’zidan o’zi og’rimaydi-ku, axir!

— Yurak tomirlaringizga axlat tiqilib qolgan, — dedi u kulimsirab. — O’shalar tozalanib bo’lmaguncha yuragingiz og’rib turadi-da!

— Axlat? — o’lay agar, do’xtir boladan bu gapni kutmovdim. Azbaroyi kulgim qistaganidan soqolim selkillab ketdi. — Qo’y-e, bolam! Haligi… Bo’ladigan gapdan gapirsang-chi! Haligi… Axlatning o’z yo’li bor-ku! Pishirib qo’yibdimi unga tomirda?..

Do’xtir bolayam o’taketgan hazilkashmi, qotib-qotib kuldi.

— Yo’-o’q, tushunmadingiz, — dedi nihoyat o’zini qo’lga olib. — Men unaqa axlatni nazarda tutmadim. Nima deb tushuntirsamakan? Xullas, yurak tomirlarga qondan ajralib chiqadigan turli chiqindilar tiqilib qoladi. Hoynahoy, toza dumbadan damlangan palovni ko’p yegan bo’lsangiz kerak!

— Yeganmiz! Nima, yemaslik kerakmidi?

— Ha, umuman yemaganingizda bu ishlar bo’lmasmidi?!. Keyin… Yurak siqilishdanam og’riydi, ota!..

Do’xtir bolaning oxirgi gapi xotirimga mahkam o’rnashib qolibdi. Ha, o’n kampirni qabrga qo’yishning o’zi bo’larmidi!?. Biz siqilganmiz-da bori!.. Faqat… Choyxona palovning yurakka nima aloqasi bor? Shunisini tushunmadim-da!..

 

Kinnachi qani, kinnachi?

 

Ancha kundan beri bannisada yotib do’xtirlarning bir ishiga shahar berdim. Shu desangiz, tez-tez homshira qizlardan biri bilagimga igna sanchardi-da, ko’zimga tik qarab: «Qalaysiz, yaxshimisiz?» deb so’rardi. Vey, qarashlari shunaqa yoqib tushardiki, xudo kechirsin-u, xuddi qirchillagan yoshligimga qaytganday hayajonlanib ketardim. Ammo shu zahoti rahmatli kampirim Suydinisa uzo-oqdan qo’lini bigiz qilib meni urisha boshlaganday tuyilib, ko’zimni homshiradan olib qochardim. Baribir afsuslanmasdim. Shu igna qurg’urida bir xosiyat bormi, tuni bilan qirq yoshimdagi sho’xliklarim tushimga kirib chiqardi…

Mana, necha kundan beri o’sha xosiyatli ignani bilagimga sanchmay qo’yishdi. Shundan shekilli, tushlarim ham alg’ov-dalg’ov bo’la boshladi. Homshirani necha marta chaqirib so’radim, do’xtir bolaga obdon uqtirdim, yolvordim, xudoning zorini qildim, ko’nmadi tushmagur, unamadi!..

Xafa bo’li-ib yotgandim, ishonsangiz bir fikr kallamga koptokday urildi. «Ha, mulla Hoshim, — dedim o’zimga o’zim. — Ilgari faqat ayollar hiylagar bo’ladi deyishardi. Erkaklar ham bu ishni qoyillatishini mana shu do’xtir, homshiralarga ko’rsatib qo’ymaysanmi?.. Ovora qilib yugurtirib qo’ysang, tozza alaming chiqardi-da! Ajabmas o’sha hiylang bahona bo’lib xosiyatli ignani tag’in bilagingga sanchishsa, tushlaring sozlansa!..»

Odam sal qunt qilib kallasini qotirsa, olim bo’p ketishiyam hech gapmasakan. O’y surib o’tirib, enam rahmatli esimga tushdi. Go’dakligimda «Ena, men g’alati bo’p ketyapman», desam, darrov kinna solib qo’yardi…

Enam esimga tushdi deguncha xuddi bir qop tilla topib olgan odamday dast o’rnimdan turdim. Sal narida homshiralar turnaqator bo’lib o’tirishardi. Hadeganda menga e’tibor bera qolishmadi. Shundayam kallada pishitib qo’ygan hiylamdan ko’nglim to’lib sira o’zimni yo’qotmadim, jahl otiga minmadim. Muloyimlik bilan homshiralardan so’radim.

— Qizlar, mabodo kinnachi yo’qmi sizlarda? Negadir g’alati bo’p ketyapman! Aytinglar, kinna solib qo’ysin!..

Mana buni hiylaning zo’ri desa bo’ladi. Hoshim otayam saksonga kirgani bilan zako’nni yaxshi biladi. Bu yerda bemorning aytgani aytgan!..

Homshiralar «Xo’p bo’ladi, ota, hozir qidirib ko’ramiz», deyishgancha tashqariga zipillashdi. Men bo’lsam, kulgim qistayverganidan soqolimni mahkam tutamlagancha o’ringa yonboshladim.

Bilaman, do’xtirxonada kinnachi bo’lmaydi. Xo’sh, shunda do’xtirlar, homshiralar nima qilishadi? Topdingiz, albatta o’sha xosiyatli ignani olib kelishadi. Xudo xohlasa, bugundan Hoshim otaning kuni tug’adi.

Hiyla mana munday bo’pti, birodar! Omon bo’ling!

Olimjon HAYIT

 

loading…