* * *
Onda-sonda qog’oz qoralab turib,
Hoynahoy, zo’r shoir bo’ldim-ov!.. Ana!
Boylarning orasin oralab yurib,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
* * *
Zamona zayliga tashnaligim bor,
Picha firib, picha ziqnaligim bor,
Soliqchilar bilan oshnaligim bor,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
* * *
Oh, mening gerdayib turishlarim-ey,
Pul damidan aksa urishlarim-ey,
Hol so’rmasga itdek hurishlarim-ey,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
* * *
Ko’nglim ko’chasidan kuylab o’tardim,
«Men falonchiboy! Boy! Boy!» lab o’tardim,
Topganimni belga boylab yotardim,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
* * *
Sohibjamollarga suyagim yo’g’roq,
Xastaman, birovga keragim yo’g’roq,
Iyak qoqay desam, iyagim yo’g’roq,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
* * *
Jonon deganimda jonim kirsin-da,
Tushlarimga ming bir xonim kirsin-da,
Bir g’arib shoir ham davrin sursin-da,
Men qachon biznesmen bo’laman, ena?
Olimjon HAYIT