12 noyabr kuni poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida sambo bo’yicha kattalar o’rtasida Jahon chempionatiga start berildi. 46-marotaba tashkil etilayotgan mazkur Jahon chempionatida dunyoning 50dan ortiq davlatidan 400 nafarga yaqin sambochi medallar uchun bahs olib borishadi.

Toshkentda sambo bo'yicha Jahon chempionati boshlandi (foto)

Uch kun davom etadigan musobaqada erkaklar, ayollar hamda jangovar sambo yo’nalishlarining har birida 7tadan vazn toifasida jami 21ta medallar jamlanmasi o’ynaladi.

Biroz avval “Yunusobod” sport majmuasida ushbu Jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Rossiya Federatsiyasi Milliy olimpiya qo’mitasi prezidenti Stanislav Pozdyakov ishtirok etishdi.

Dastavval V.Shestakov so’zga chiqib, yuqori saviyadagi tashkilotchilik va mehmondo’stlik uchun O’zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

Shundan so’ng so’z Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovga berildi.

Toshkentda sambo bo'yicha Jahon chempionati boshlandi (foto)

“Bugungi kunda O’zbekiston sambochilari nafaqat Osiyo, balki jahonda ham yetakchi o’rinlarda e’tirof etilmoqda. Jumladan, shu yil oktyabr oyida Gretsiya davlatida bo’lib o’tgan yoshlar va o’smirlar o’rtasida jahon chempionatida sportchilarimiz 6 ta oltin, 3 ta kumush va 8 ta bronza medallarni qo’lga kiritib, umumjamoa hisobida esa 2-o’rinni egallashdi.

O’z navbatida yurtimizda sambo sportiga berilayotgan e’tiborni yuksak darajada baholab, kattalar o’rtasidagi Jahon chempionati mezbonligini O’zbekistonga ishonib topshirganligi uchun Xalqaro sambo federatsiyasiga minnatdorlik bildiramiz”.

Respublikamiz madhiyasi sadolari ostida Jahon chempionati ochib berildi. Madhiyadan so’ng tadbirning badiiy qismi bo’lib o’tdi. Taniqli san’atkorlarning badiiy chiqishlari esa muxlislarga xush kayfiyat ulashdi. So’ngra final bellashuvlari boshlandi.

Toshkentda sambo bo'yicha Jahon chempionati boshlandi (foto)

Kecha ishtirokchilar har uchchala yo’nalishda 7ta vazn toifasida bellashdi. Hamyurtlarimiz orasidan faqat ayollar o’rtasida -50 kg vazn toifasida vatanimiz sharafini himoya qilgan Sabina Davlatova finalga yetib bordi. U hal qiluvchi bahsda belaruslik sportchiga so’nggi daqiqada yutqazib qo’ydi va kumush medalga sazovor bo’ldi.

Kechadagi bellashuvlarda -59 kg vazn toifasida Ibodatxon Agojonova hamda jangovar sambo bo’yicha +98 kg vaznda Hakimjon Ismoilovlar bronza medali bilan taqdirlanishdi.

Sharhlar