Eshkak eshuvchi Anna Prakaten O’zbekiston milliy jamoasi tarkibida ishtirok etmoqchi. Bu haqda Sports.ru Rossiya eshkak eshish federatsiyasi prezidenti Aleksey Svirin so’zlarini keltirdi.
Prakaten 30 yoshda, Rossiya milliy jamoasi tarkibida u eshkak eshish bo’yicha 2021 yilda Yevropa chempioni va 2020 yilgi Olimpiada kumush medali sovrindori bo’lgan. 2016 yilgacha sportchi Belarus sharafini himoya qilgan.
«Anna Prakaten O’zbekiston milliy jamoasi tarkibiga o’tish niyatida. Albatta, uning ketishi biz uchun jiddiy yo’qotish, ammo har bir sportchi o’z taqdirini tanlashda erkin. Hozir yuqori darajadagi sportchilarimiz qiyin kunlarni boshdan kechirmoqda, diskvalifikatsiya sharoitida motivatsiya topish juda qiyin», dedi Svirin.
Uning so’zlariga ko’ra, qish-bahor davrida Anna qisman mustaqil ravishda, qisman Rossiya milliy jamoasi bilan shug’ullangan. Keyin faoliyatini butunlay yakunlash haqida o’ylagan. Biroq, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun O’zbekiston sharafini himoya etishga qaror qilgan.
«O’zbekiston federatsiyasi xorijdagi musobaqalarda qatnashish uchun fuqaroligini o’zgartirmoqchi bo’lgan rossiyalik sportchilarni qabul qilishga tayyorligini avvalroq bildirgan edi. Menimcha, xalqaro federatsiyaga allaqachon murojaat qilingan va bu masala ko’rib chiqilgan. Agar xalqaro federatsiya o’tishni ma’qullasa, u holda sportchining O’zbekiston uchun kurash olib borishiga to’sqinlik qilishdan ma’no bo’lmaydi», dedi Svirin.
Mulozimning ta’kidlashicha, sport fuqaroligini almashtirgan sportchilar uchun 24 oylik karantin bor. Ya’ni ular 2 yil davomida hech qanday turnirlarda ishtirok etolmaydi. Biroq, Xalqaro eshkak eshish federatsiyasi ijro qo’mitasi rossiyalik sportchilarning ahvolini hisobga olib (ya’ni, barcha xalqaro musobaqalardan chetlatilgani bois), bu muddatni qisqartirishi mumkin. Shu sababli Prakaten Parij olimpiadasida O’zbekiston nomidan qatnashishi ehtimoli katta.