Futbol bo’yicha jahon chempionatining ochilish o’yinini Qatar va Ekvador jamoalari boshlab berishdi. Unda Janubiy amerikaliklar 2:0 g’alaba qozonsalarda, o’yinning yorqin va esda qolarli darajada o’tmaganini ko’plab futbol mutaxassislari aytib o’tishdi. Qatar futbol xabarlari tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, jahon chempionatining ilk o’yini o’zgacha zavqli, qiziqarli bo’lmog’i lozim. Buning uchun so’nggi to’rt jahon chempionatining eng yaxshi jamoalari – Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya ishtirokidagi o’yinlar bilan boshlansa maqsadga muvofiq bo’lardi.
Qolaversa, amaldagi chempionning hurmatini joyiga qo’yish kerakmidi, deyishadi ekspertlar. Mabodo u turnirda ishtirok etmayotgan bo’lsa, u taqdirda boshqa oldingi turnir final qatnashchisini o’yinga chiqarish mumkin edi.
Turnirni bir paytlar jahon chempioni ochardi. Oxirgi marta bu voqea 2002 yilda Yaponiya va Janubiy Koreya chempionatida bo’lgan edi. O’shanda jahon chempioni Fransiya Senegal bilan uchrashgandi.
Mutaxassislar FIFA tomonidan turnir ochilishidagi birinchi o’yin juftligini o’zgartirish vaqt keldi, deb hisoblashmoqda…
Jahon chempionati tarixida turnir ochilishida o’ynagan “mezbon davlat” hali raqibiga mag’lub bo’lmagan edi. Qatar jamoasi bu borada birinchi bo’ldi.
2006 yildan boshlab chempionat o’tadigan davlat jamoasi turnirni ochib beradi. O’sha yili Germaniya Kosta-Rikini (4:2) mag’lub etgandi, 2010 yilda Janubiy Afrika Respublikasi Meksika bilan 1:1 hisobiga kelishgandilar, 2014 yilda Braziliya Xorvatiyani (3:1) va 2018 yilda Rossiya Saudiya Arabistonini (5:0) yutgan edilar.
1958 yildan beri Uels jamoasiga jahon chempionatida qatnashish nasib qilmayotgan edi. Qatar turnirida Uelsning birinchi golini hujumchi Garet Beyl AQShga urdi. Yana bir qiziq fakt shundaki, 64 yil avvalgi jahon chempionatida so’nggi marta qatnashgan Uels darvozasiga golni afsonaviy Pele kiritgan edi.
21 noyabrda uchta match bo’lib o’tdi: Angliya – Eron (6:2), Senegal – Niderlandiya (0:2) va AQSh – Uels (1:1). Referilar o’yinlarni oxiriga yetkazish hammasi bo’lib 47 daqiqa qo’shimcha vaqt belgiladilar. Ilg’orlik Angliya va Eron matchida ko’rindi: sudya birinchi taym tugagach 14 daqiqa va ikkinchi taymdan keyin yana 10 daqiqa qo’shib berdi. Shunday qilib, jamoalar 117 daqiqa 16 soniya maydonda bo’ldilar.
FIFA izohida to’pning maydonga tashqariga chiqib ketishi, o’yinchilarning harakatdan to’xtab turishi kabi barcha alomatlar sudyaning irodasi bilan qo’shimcha vaqt bilan belgilanadi.
Angliya hujumchisi Markus Rashford Eron bilan o’yinda Bukayo Sakunini 70 daqiqada almashtiradi. Maydonga tushgach, 49 soniyadan keyin gol urishga muvaffaq bo’ldi. Bu esa jahon chempionatlari tarixida zaxiradan chiqqan o’yinchining tez gol kiritgan uchinchi natija etib qayd etildi.
Eron davlati televideniesi mamlakat futbol jamoasining Angliya bilan o’yini oldidan davlat madhiyasini kuylamayotgani uchun jonli efirni uzishga majbur bo’ldi. O’yinchilarning bu harakati Erondagi bugungi vaziyatga norozilik bildirish, deb baholandi. Eron jamoasining tarafdorlari ham Davlat madhiyasini hushtakbozlik bilan kutib oldilar.
Braziliya jamoasi 24 noyabr kuni o’zining birinchi o’yinini Serbiya bilan o’tkazadi. Jamoa Qatarda urilgan har bir golni “tantana” qilish uchun futbolchilar o’nta raqs tayyorlab kelishgani yarim himoyachi Rafinya ma’lum qildi. “Gollarimiz o’ntaga yetgach, keyin yangilarini o’ylab topamiz”, dedi u.