Norvegiyada sport kurashlari bo’yicha navbatdagi jahon chempionati bahslari boshlandi. Olimpiada o’yinlarida kutilganidek muvaffaqiyatli qatnashmagan o’zbekistonlik atletlar jahon chempionatida ko’proq medal olishi kutilgan, xususan, muxlislar Bekzod Abdurahmonov ushbu musobaqada navbatdagi porlashini amalga oshirishini taxmin qilayotgandi.
Ammo Norvegiya poytaxti Oslo shahrida 2 oktyabr kuni boshlangan bahslarda o’zbekistonlik sportchilar ko’rinmadi. Chunki O’zbekiston delegatsiyasi jahon chempionatiga bormagan! Qizig’i, bu haqda bevosita javobgar hisoblangan Turizm va sport vazirligi ham, MOQ ham munosabat bildirmadi. Tribuna.uz muxbiri aloqaga chiqqan MOQ va federatsiya xodimlari ham javob bera olishmadi.
Tribuna.uz’ning vaziyatdan xabardor bir qator manbalari sport kurashchilarining jahon chempionatiga bora olmagani sababini ma’lum qildi. Unga ko’ra, sportchilarda viza bilan bog’liq muammo paydo bo’lgan. Ya’ni, viza uchun hujjatlar vaqtida topshirilmagan. Bunga esa moliyaviy muammo sabab bo’lgan. Bir so’z bilan aytganda, sportchilarni jahon chempionatiga yuborish uchun pul topilmay qolgan.
Sport vazirligi va MOQ bu voqeadan hech kimning xabari bo’lmay, sezmay qoladi deb o’ylagan chog’i hech qanday munosabat ham bildirmagan. Sportchilar esa muhim reyting ochkolari va ishlab olishi mumkin bo’lgan mukofot pullaridan quruq qolishga majbur bo’lishyapti.