O’zbekiston professional boks federatsiyasining xabariga ko’ra, professional boksning birinchi yarim yengil vaznda WBA va IBF chempioni Murodjon Ahmadaliyev navbatdagi jangini filippinlik Marlon Tapalesga qarshi o’tkazishi kutilmoqda.
Butunjahon boks federatsiyasi (IBF) Ahmadaliyev-Tapales jangini o’tkazish bo’yicha qaror qabul qilgan. Unda keltirilishicha, har ikkala bokschi jamoasi ushbu uchrashuv masalasida 25 oktyabrgacha yakuniy qarorga kelishi lozim.
Tomonlarning muzokarasi ijobiy yechim topmagan taqdirda mazkur jangni tashkil etish huquqi ochiq auksionda hal etiladi.
Aytish joiz, filippinlik bokschi o’z vaqtida IBF chempionlik kamari sohibi bo’lgan. Professional ringdagi faoliyati mobaynida 36 ta jang o’tkazib, 3 marotaba mag’lubiyatga uchragan. Hozirda u ushbu yo’nalishda chempionlikka majburiy da’vogar sanaladi.
Eslatib o’tamiz, Ahmadaliyev joriy yil iyun oyidagi so’nggi jangida amerikalik Ronni Riosni muddatidan oldin mag’lub etib, chempionlik kamarlarini munosib himoya qilgan.