Qatarda davom etayotgan jahon chempionatining chorak finalida Argentina Niderlandiyaga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning asosiy va qo’shimcha bo’limlari 2:2 hisobida yakunlandi hamda o’yinda argentinaliklar penaltilar seriyasida 4:3 hisobida g’alaba qozondi.
Mazkur bahsni ispaniyalik hakam Antonio Mateu Laos boshqarib bordi va o’yin davomida 15 ta sariq kartochka ko’rsatdi. Bu jahon chempionatlari tarixidagi rekord ko’rsatkich hisoblanadi.
«Mundo Deportivo» nashri FIFA Argentina terma jamoasiga nisbatan intizomiy ish ochganligi haqida xabar tarqatdi. Nashr bunga sabab bo’lgan jihatlarni sanab o’tgan.
Masalan, Lionel Messi Niderlandiya murabbiylar shtabi bilan janjallashib ketgan. Darvozabon Emiliano Martines bosh hakam Mateu Laosni JCh tarixidagi eng yomon hakam, deya atagan.
Otamendi va boshqa argentinaliklar Niderlandiya zaxira futbolchilari oldiga borib penaltilar seriyasidagi golni masxara qilib nishonlashgan.
Intizomiy ish bo’yicha yakuniy qaror tez orada e’lon qilinadi.