Kecha Buxoro Olimpiya zaxiralari kollejida milliy iftixorimiz bo’lmish kurash bo’yicha erkaklar va ayollar jamoalari o’rtasida O’zbekiston kubogiga start berildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, musobaqada respublikamizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi hamda Toshkent shahridan kelgan 300ga yaqin polvonlar g’oliblik uchun bellashmoqda.
Xabar berganimizdek, jamoaviy bellashuvlarda har bir jamoa tarkibida 9 nafar (5 nafar erkak, 4 nafar ayol) kurashchi joy oladi. Musobaqada erkaklar -60 kg, -66 kg, -73 kg, -90 kg va 90 kgdan yuqori vazn toifalarida bellashsa, xotin-qizlar -57 kg, -63 kg, -70 kg va 70 kgdan yuqori vazn toifalarida gilamga tushishadi. Shuningdek, bu safar O’zbekiston kubogi bellashuvlarida yakkalik bahslari ham tashkil etiladi.
Biroz avval bo’lib o’tgan musobaqaning ochilish marosimida O’zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Buxoro viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi hamda O’zbekiston kurash federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.
O’zbekiston kubogi g’oliblari ertaga ma’lum bo’ladi.