Krishtianu Ronaldu – tarixdagi eng buyuk sportchilardan biri, 20 yil ichida o’nlab jahon rekordlarini o’rnatdi, o’zining biznes-imperiyasiga asos soldi. «SE» tayyorlagan quyidagi material «Manchester Yunayted» klubi va Portugaliya termasi afsonasining qaerda va qanday yashayotgani haqida.
U qancha pul ishlayapti?
So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, Ronalduning moliyaviy ahvoli 1,2 milliard dollarga baholanmoqda. Hozir faoliyatini davom ettirayotgan hech bir sportchi bunday ko’rsatkich bilan maqtana olmaydi. Lionel Messining holati biroz kamroq – 1,1 milliard dollar.
So’nggi 10 yil mobaynida Ronalduning yillik maoshi 30 million yevrodan pasaymadi. Krish «Real»da ham, «Yuventus»da ham shuncha olgandi, hozir «MYu»da ham shunday. Ammo uning asosiy daromadi futboldan kelmaydi. Forbes qayd etishicha, 2021 yilda Ronaldu 125 million dollar ishladi: klubdagi maoshiga turli bonuslar va reklama shartnomalari (qariyb 60 million dollar) ham qo’shilgan.
Krishtianu eng ko’p pulni Nike firmasidan oladi – yiliga 23 million dollar. Shuningdek, u Clear, EA Sports, PokerStars, Armani, Herbalife va Castrol bilan hamkorlik o’rnatgan. Keng ko’lamli homiylik shartnomalari Ronalduning xususiy loyihalarini rivojlantirishiga xalal bermaydi: u CR7 brendi ostida erkaklar ichki kiyimi, liboslar, poyabzal, ko’zoynak va parfyumeriya mahsulotlari ishlab chiqaradi. Crunch bilan esa, portugaliyalik fitnes-klublar tizimini yo’lga qo’ygan – butun dunyoda shunday muassasalar soni 15taga yetib ulgurgan.
Pestana CR7 mehmonxonalari Ronalduga qo’shimcha daromad keltiradi. Ularning dast-labkilaridan biri Madeyra orolida ochilgan. Shuningdek, portugaliyalikning Nyu-York, Marrakesh, Lissabon va Madridda mehmonxonalari bor. Eng qiziqarli tarmoqlardan biri – soch ekishga ixtisoslashgan kliniki bo’lib, u ham Ronaldu mulklari qatorida zikr etiladi.
40 millionlik ko’chmas mulk
The Mirror ma’lumotlariga ko’ra, Krishtianu umumiy narxi 40 million funtdan oshadigan 9ta ko’chmas mulk ob’yekt-lari egasi hisoblanadi. Portugaliyalik hujumchi oilasi bilan Manchester yaqinidagi uyida yashaydi – xonadonning narxi 3,5 million yevro. Ronaldu «MYu» safiga qaytganida, dastavval ikki baravar qimmat bo’lgan hashamatli uyga joylashgandi. Lekin darhol yangi boshpana qidirishga tushdi – The Sun qayd etishicha, xonadon yaqinida o’tlatilgan qo’ylar galasi tongda uning uxlashiga xalaqit qilgan. Boshqa ma’lumotlarda esa, Ronaldu xavfsizlik nuqtai nazaridan ko’chib o’tgani ta’kidlangan. Krishtianuning yangi uyi nisbatan kichikroq, lekin unda kerakli hamma narsa bor: ajoyib sportzal, kinoteatr, bir nechta basseyn, to’rtta mashinaga mo’ljallangan garaj va kichik havza. Villa muntazam kuzatuv ostida.
Ronaldu «Real»ni tark etganiga 4 yil bo’lganiga qaramay, Madridning elit hududlaridan hisoblangan La Finkadagi narxi 5 million yevrolik uyini sotmagan. Hovli maydoni qariyb bir kvadrat kilometrni tashkil etadi. «Bu uyni ko’rganimda, tilim kalimaga aylanmay qolgandi. Bir safar oshxonaga kiraman deb adashib qolgandim! Yotoqxonaga qaytish uchun yarim soat sarflagandim. Bunday ulkan uyga ko’nikmaganman, axir bolaligimdan mitti kvartiralarda yashaganman», – degandi Krishtianuning qallig’i «Men – Jorjina» nomli avtobiografik filmda.
Ronalduning mulklari ro’yxatida Nyu-Yorkdagi «Tramp minorasi»dagi xonadon ham bor. Gap-so’zlarga ko’ra, bu portugaliyalik yulduzga tegishli eng qimmatbaho ob’yekt hisoblanadi. Krishtianu uyni 2015 yili 18,5 million dollar evaziga sotib olgan. Lyuks toifasidagi apartamentlarda uchta yotoqxona, ikkita mehmonxona va bir nechta vannaxonalar bor, lekin eng asosiysi – derazadan ko’zga tashlanib turadigan Nyu-Yorkning ajoyib ko’rinishi. 2021 yili Ronaldu kvartirani nisbatan ancha arzon narxda (qariyb 8 million dollar) sotuvga qo’ydi.
O’z yurtida Krishtianuning «Madeyra» nomli 7 qavatli turar-joy majmuasi bor, u yerda futbolchining qarindoshlari yashashadi. «Madeyra»ning narxi – 7 million funt. Portugaliyalik yulduz Marbelyada dam olish uchun uy xarid qilgan. Qo’shni villa Konor Makgregorga tegishli. Shuningdek, «Yuventus»da o’ynayotgan kezlari Turinda ham uy sotib olgan. Krishtianuning yana ikkita kvartirasi Lissabonda joylashgan. 2019 yili Ronaldu, ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Portugaliya shimolidagi uyini «Real»dagi sobiq sherigi Pepega sotgan ekan. Ammo hujjatlarda xonadon hamon Krishtianuga tegishli ekanligi qayd etilgan.
Ronalduning pullari evaziga qad rostlayotgan eng e’tiborga molik inshoot – Portugaliya-da, Atlantika okeani sohilida keksalar uchun qurilayotgan uy bo’lib, rejaga ko’ra, u 2025 yilda foydalanishga topshiriladi. OAVda bu borada turlicha fikrlar yangramoqda: kimdir bu Krishtianuning investitsiyasi ekanligini aytsa, boshqalar portugaliyalik faoliyatini yakunlaganidan so’ng o’sha yerga ko’chib o’tishini ta’kidlashmoqda. Uy qurib bitkazilgan payt Ronaldu 40 yoshda bo’ladi.
Jorjinaning hayoti ham o’zgard
2010-2015 yillar davomida rossiiyalik model Irina Sheyk bilan ishqiy munosabatda bo’lgan Krishtianu bir yil o’tib, ispaniyalik Jorjina Rodriges bilan uchrashishni boshladi. Juftlik ilk bor tanishganlarida, Jorjina Gucci butigida sotuvchi bo’lib ishlardi. «Ishga avtobusda borardim, ortga esa Bugatti avtomobilida qaytardim. Bunga uzoq vaqt ko’nikolmagandim», – deydi Rodriges.
Jorjina Ronalduning qallig’iga aylangach, unga yirik brendlar e’tibor qaratishni boshlashdi. Hozir Rodrigesning bir nechta reklama shartnomalari bor, «Instagram»dagi sahifasida deyarli 30 million obunachiga ega.
Ronaldu va Jorjinaning birgina umumiy farzandlari bor – qizaloq Alana Martina. Tez orada oila a’zolari safi yanada kengayadi. Oktyabr oyi oxirida juftlik egizak farzand kutishayotgani aniq bo’lgandi. Portugaliyalikning yana uch farzandi bor: kichik Krishtianu (onasi noma’lum) va surrogat onadan egizaklar – o’g’li Mateo va qizi Yeva.
Kichik Krishtianu «MYu» tizimida tarbiyalanmoqda, o’smirlar jamoasida o’ynaydi. Uning klubdoshi – Kay Runi, Manchesterda Ronaldu bilan birga porlagan afsonaviy Ueyn Runining o’g’li.