«Tokio-2020″ olimpiadasida sport bo’yicha mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, bronza medaliga musharraf bo’lgan erkin kurashchimiz Bekzod Abdurahmonov AQShdagi dunyoga mashhur Harvard universitetida murabbiy sifatidagi faoliyatini boshladi.
Bu haqda sportchining o’zi xabar berdi.
“Avval ham Harvardda ishlaganman. Mening u yerdagi asosiy vazifam — murabbiylik. Universitet talabalariga erkin kurashdan saboq beraman. Turli musobaqalarga tayyorgarlik ko’rishlarida yordamlashaman. Shu bilan birga, O’zbekiston terma jamoasidagi faoliyatimni ham davom ettiraman. Yirik musobaqalar oldidan Vatanimiz sharafini himoya qilish uchun terma jamoa ixtiyoriga belgilangan fursatda yetib boraman», dedi Bekzod Abdurahmonov.
Shu o’rinda aytish lozim, kelishuv shartnomasiga ko’ra, B.Abdurahmonov qit’a va Jahon chempionati, Osiyo va Olimpiya o’yinlari, ulardan oldin tashkil etiladigan asosiy yig’inlarda O’zbekiston terma jamoasi tarkibida bo’ladi.
Eslatib o’tamiz, Harvard universiteti ayni paytda jahonning eng yaxshi 5 oliy o’quv yurtlaridan biri sanaladi.