«Al-Hilol» Maneni Saudiyaga taklif qildi

Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi Myunxenning “Bavariya” klubi hujumchisi, Tomas Tuxel qo’l ostida kelajagi hali ham so’roq ostida qolayotgan hujumchi Sadio Maneni o’z safiga qo’shib olishga urinib ko’rdi. Jurnalist Dahbiya Xattabiyning yozishicha, «Al-Hilol» allaqachon senegallik futbolchining o’zi bilan bog’lanib, transfer masalasini muhokama qilishga muvaffaq bo’lgan.

Manbaning aytishicha, Mane Saudiya Arabistoniga ko’chib o’tish variantidan voz kechgan. Futbolchi «Bavariya»da qolish va jamoada o’zini ko’rsatish istagini bildirdi.

Sadio Bundesliganing joriy mavsumida 25 ta o’yinda maydonga tushib, 7 ta gol va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Senegallik jarohat tufayli mavsumning bir qismini o’tkazib yubordi, shu sababli u jahon chempionatida ham o’ynay olmadi.