21 may kuni “Men g'olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi bo'lib o'tadi

21 may kuni Toshkentda O’zbekiston Qurolli kuchlari va kuch ishlatar tuzilmalar vakillari, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, professional sportchilar va sport havaskorlari ishtirokida “Men g’olib” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi bo’lib o’tadi.

Ommaviy yugurish musobaqasi Yengil atletika federatsiyasi, bosh hamkor – “O’zbekneftgaz” AJ tomonidan, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo’mitasi, O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Toshkent shahar hokimiyati ko’magida tashkil qilinmoqda. Tadbirga ro’yxatdan o’tish “Humo Arena” sport majmuasining maydonida 5:30 da boshlanadi, 6:30 da esa start beriladi.

“Men g’olib” vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi an’anaviy ravishda muhim davlat sanalari – Vatan himoyachilari kuni, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligi hamda Xotira va qadrlash kunini nishonlashga bag’ishlangan holda, O’zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va kuch ishlatar tuzilmalar orasida shosseli yugurish bo’yicha O’zbekiston chempionatini o’tkazish doirasida tashkil etiladi.

Musobaqalar yakkalik va jamoaviy birinchilikda o’tkaziladi. Ushbu sport tadbiri ilk marotaba 1700 ga yaqin ishtirokchini birlashtiradi. Yugurish sport turi havaskorlari uchun tashkilotchilar tomonidan ommaviy yugurish musobaqasida ishtirok etish uchun ro’yxatdan o’tish imkoniyati yaratildi.  Yuguruvchilar o’z kuchlarini ikkita masofada – 10,5 km va 3 km masofalarda sinab ko’rishlari mumkin. Belgilangan vaqt ichida masofani bosib o’tgan “Men g’olib” ommaviy yugurish musobaqasining barcha ishtirokchilariga finishchi medallari topshiriladi. 10,5 km masofa uchun belgilangan vaqt limiti 1 soatu 20 daqiqani tashkil qiladi.

“Men g’olib” kubogini qo’lga kiritish uchun jamoaviy birinchilikda Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Prezident xavfsizligi davlat xizmati, Davlat bojxona qo’mitasi, Bosh prokuratura vakillaridan iborat 8 ta jamoa kurash olib boradi. Shuningdek, Qurolli kuchlar akademiyasi, Jamoatchilik xavfsizligi universiteti, IIV akademiyasi, FVV vazirligi, DXX akademiyasi va DSQ instituti, kuch ishlatar tuzilmalarning o’quv yurtlari kursantlaridan shakllantirilgan 6 ta jamoa orasida ham kubok o’ynaladi.

Ishtirokchilarning start paketlari 19-20 may kunlari Yengil atletika federatsiyasida (Islom Karimov ko’chasi, 98, mo’ljal – Paxtakor stadioni manzilida) taqdim etiladi. Ishtirokchi paketidan chipli ko’krak start raqami (1 dona), ryukzak, kepka, futbolka o’rin olgan.