Yaqin kunlarda O’zbekistonda 11 ta mamlakatdan 300 dan ortiq sportchilar xalqaro musobaqalarda ishtirok etadi. 23 sentyabrdan 25 sentyabrgacha bo’lib o’tishi kutilayotgan ochiq turnirda ishtirok etish uchun O’zbekistonga Qirg’iziston, Qozog’iston, Turkmaniston va Tojikiston terma jamoalari tashrif buyuradi. Ularga Malayziya, Tailand va Filippinlardan sportchilar qo’shiladi.
Sababi bu vaqtga qadar Samarqandda yengil atletika bo’yicha Markaziy Osiyo 4-Ochiq chempionati bo’lib o’tadi. Bu haqda Yengil atletika federatsiyasi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko’ra, sport musobaqasi O’zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo’mitasi va Yengil atletika federatsiyasi tomonidan Markaziy Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi va «O’zbekneftgaz» AJ ko’magida tashkillashtirildi.
Ta’kidlanishicha, Samarqand shahridagi, yugurish yo’lakchasining yangi qoplamasi va World athletics standartlariga mos ravishda sertifikatlangan uloqtirish uchun sektorlariga ega «Afrosiyob Arena» sport majmuasi yengil atletika bo’yicha Markaziy Osiyo Ochiq chempionatini o’tkazish uchun tayyorlab qo’yildi. Ochiq turnir stadion rekonstruksiyadan keyin o’tkazilayotgan ilk yirik tadbir bo’lib hisoblanadi.
«Sportchilar asosiy yugurish yo’nalishlarida ham, texnik musobaqalarda ham – balandlikka sakrash, tayanib sakrash, uzunlikka, uch hatlab sakrash, disk, bolg’a, otish, nayza uloqtirish bo’yicha qatnashadi»,—deyiladi Yengil atletika federatsisining xabarida.
Qayd etilishicha, yengil atletika bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi deyarli barcha yo’nalishlarda chiqishi belgilangan. Stadionga ishtirokchilar bilan birgalikda V Islom Birdamlik o’yinlari g’oliblari Sharifa Davronova, Anvar Anvarov, Suxrob Xo’jayev, Farida Soliyeva, Nargiza Qo’chqorova va Roksana Xudoyarova kuch sinash uchun chiqadi.
Eslatib o’tamiz, musobaqaning uchinchi kunida «O’zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi kubogi yo’nalishining «Save Aral 2022” xalqaro xayriya ommaviy yugurish musobaqasining navbatdagi bosqichi bo’lib o’tadi. Ikki mingdan ortiq ishtirokchilar Orol dengizi atrofidagi ekologik muammoga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida o’tkaziladigan musobaqani qo’llab-quvvatlash uchun ishtirok etishi kutiladi.