Yerdan 1232 yorug’lik yili uzoqlikda Yupiterdan deyarli ikki baravar katta ekzosayyora topildi, deya xabar beradi Science Alert.
WASP-193b nomini olgan yangi sayyora Yupiterdan qariyb 50 foiz kattaroq, biroq shunchalik yengilki, uning umumiy zichligini paxta konfeti bilan solishtirish mumkin.
Belgiyadagi Lyej universiteti astronomi Xolid Barkaui boshchiligidagi xalqaro guruhi xabariga ko’ra, WASP-193b kabi ekzosayyoralar kam uchraydi. Ular bizga sayyoralar evolyutsiyasini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
WASP-193b – bu quyoshga o’xshash WASP-193 yulduzi atrofida aylanadigan ekzosayyora. Bu yulduz Quyoshning massasidan taxminan 1,1 marta va radiusidan 1,2 baravar katta, harorat va yoshi jihatidan Quyoshga juda yaqin. WASP-193b yulduz atrofida Quyosh tizimidagi barcha sayyoralarga qaraganda ancha yaqinroq aylanadi: u har 6,25 kunda bir marta aylanadi.
Ekzosayyora orbitasida yulduzning yorug’ligi qanday o’zgarishini o’rganish Barkaui va uning hamkasblariga yangi sayyoraning radiusi va massasini hisoblash imkonini berdi. Uning radiusi Yupiterning radiusidan taxminan 1,46 baravar ko’p, ammo massasi u bilan solishtirganda nihoyatda kichik.
Ushbu raqamlar tufayli tadqiqotchilar ekzosayyoraning zichligini aniqladi: kub santimetr uchun 0,059 gramm. Yerning zichligi kub santimetr uchun 5,51 gramm. Yupiterning zichligi kub santimetr uchun 1,33 grammni tashkil etadi, bu mantiqiy – unda juda ko’p bulutlar mavjud. Paxta konfeti har kub santimetr uchun 0,05 gramm zichlikka ega.