Har bir zamonning o’z qahramoni bo’lganidek, biznes ham o’z vakillariga ega. Quyida barcha zamonlar uchun o’rnak bo’la oladigan muvaffaqiyatli biznes-imperiyalar va ularning asoschilari bilan tanishishingiz mumkin.
«DISNEY». Asoschisi — Uolt Disney
Oilaviy tomoshalari bilan mashhur «Disney» korporatsiyasi o’tgan asrning birinchi 10 yilligida o’z ishini kichik omborxonadan boshlagan. Multiplikatsiyalar Disneyning bolalik mashg’ulotlaridan bo’lgan: 7 yoshidan komikslar chizgan, shundan keyin karikaturalar kursi va san’at akademiyasida shug’ullangan. U 1923 yilda «Alisa mo»jizalar mamlakatida» ishidan 5 yil o’tib, ommaga Mikki Maus obrazini namoyish etadi. Yana yetti yil o’tib ilk «Oskar»ni qo’lga kiritadi. 1937 yilda Disney «Oppog’oy va 7 mittivoylar» — eng kassabop filmini taqdim etadi, shu bilan to’liq metrajli multfilmlar davri boshlanadi. Shundan so’ng «Bembi», «Dambo», «Sohibjamol va maxluq» kabilar muxlislar qalbidan joy oladi.
Bugun «Walt Disney Production» bir nechta kino va ovoz yozish studiyalari, 535 ta rasmiy do’koni, bir nechta gazeta va jurnallar, xususiy teletarmoq, xokkey va beysbol jamoasi, bir qancha davlatlarda istirohat bog’lari bo’lgan, yillik aylanmasi 21 milliard dollarni tashkil qilgan media-xolding hisoblanadi.
«L’OREAL». Asoschisi —
Ejen Shuller
«L’Oreal» imperiyasi «L’Oreal» brendidan ko’proq narsani anglatadi. Kompaniya 500 turli marka, 65 ming xodim, 5 ta ilmiy-tadqiqot markazi, 25 ta kosmetologik kompaniya va 47 ta zavodni birlashtiradi. XX asr boshlarida yosh kimyogar Ejen Shullerning xayoliga sintetik bo’yoqlar yordamida sochlarni bo’yash fikri keladi. O’z rafiqasining sochlarida uni qo’llab ko’rgan Shuller tanish sartaroshlariga mahsulotni taklif qiladi va tez orada uni ommaviy ishlab chiqarish uchun investitsiya oladi. O’z mahsulotini o’sha paytdagi mashhur soch turmagi «oreola» sharafiga «L’Aureale» deb nomlashga qaror qiladi. Biznes rivojlanib, 1934 yilda “L’Oreal» kompaniyasi assortimentida bo’yoqlardan tashqari sovun, atir va shampun, biroz vaqt o’tgach esa quyoshdan himoyalovchi vositalar ham paydo bo’ladi. Ejenning vafotidan so’ng uning biznesini qizi Lilian Betankur davom ettiradi. «Lancome», «Garnier», «Biotherm», «Maybelline», «Body Shop», «Vichy» — ushbu markalar o’zining originalligini saqlab qolgan holda “L’Oreal» imperiyasi tarkibiga kirdi. Kompaniya daromadining 30 foizini reklamaga ajratadi. Uning «Men bunga munosibman» shiorini Katrin Denev, Sharliz Teron, Jennifer Eniston, Mila Yovovich, Keyt Moss, Beyonse, Natalya Vodyanova, Letitsiya Kasta kabi yulduzlar reklama qilishga ulgurishgan.
«HILTON». Asoschisi — Konrad Xilton
Armon bo’lib qolgan bankirlik kasbiga qo’l silkigan 31 yoshli Konrad Xilton o’zini mehmonxona biznesida sinab ko’rishga qaror qiladi. 1925 yilda ilk mehmonxonasi — «Dallas Hilton»ni ochgach, uni Texasdagi eng yaxshi mehmonxonaga aylantirishga qaror qiladi. Hattoki 20-yillardagi «Buyuk depressiya» ham Xiltonni to’xtata olmadi. 1954 yilda u butun Amerikani hayron qoldirib, o’zining raqibi bo’lgan «Statler Hotels» kompaniyasini 111 million dollarga sotib oladi. 60-yillarning oxirida Xiltonning AQShda 40 dan ortiq, xorijiy davlatlarda ham yana shuncha mehmonxonasi bor edi. Xilton biznes imperiyasining muvaffaqiyati mehmonxona biznesining ajralmas qismi bo’lgan ko’plab innovatsiyalarda deyish mumkin. Aynan Xilton yulduzchali baholash tizimini o’ylab topgan. U mehmonxona va kazinolarni birlashtirish, aeroportlarda mehmonxona ochishni taklif qilgan. Bundan tashqari, Xilton raqiblarining mehmonxonalariga tashrif buyurishni, muhitni kuzatishni yoqtirar edi. Aynan «Hilton» korporatsiyasi doimiy mijozlar uchun imtiyozlar tizimi, avia yoki temiryo’l chiptalarining raqami bilan mehmonxonani band qilish xizmatlarini yo’lga qo’ygan.
Bugun dunyoning 88 mamlakatida korporatsiyaning 3800 ga yaqin turli darajadagi mehmonxonalari bor.
NODIRA tayyorladi.