Usmoniylar imperiyasi gullab-yashnagan paytlar ularning dasturxoni ham, shubhasiz, xuddi shunday gullab-yashnagan. Sultonga kattakon metall patnisda ikki-uch xil taom tortilgan. Sultonning yonida hamisha alohida shaxs turib, har bir taomni oldindan tatib ko’rgan. Bu zahar qo’shilgan-qo’shilmaganini aniqlash, sultonning xavfsizligini ta’minlash maqsadida o’ylab topilgan.
Ko’pchilik «sultonlar qaysi taomni xohlashsa, o’shani yeyishadi», deb o’ylaydi. Ammo aslida unday emas. Masalan, sulton Sulaymon hukmronligi davrida alohida idishda dasturxonga mevalar tortilgan. Mevalar olma va shu kabi odatiylaridan iborat bo’lgan. Sultonga tovuq go’shtini hech qachon berishmagan. Tovuq go’shti oddiy odamlar iste’mol qiladigan taom hisoblangan. Buning o’rniga qovurilgan bedana go’shti berilgan. Xurram sulton ham bedana go’shtini juda sevgan. Ayniqsa, homiladorligi davrida bir kunda necha marta xohlasa, shuncha marotaba bedana go’shti dasturxoni to’ridan joy olgan.
Sulton Sulaymonga cho’chqa go’shti, qisqichbaqa, toshbaqa, yirtqich baliqlar, ya’ni, akula, kit go’shti ham umuman berilmagan. Ular davlat miqyosida taqiqlangan. Aniqrog’i, shariat qonunlari ayrim hayvonlar go’shtini harom hisoblagan. Bu qonunga imperiyada qat’iyan bo’ysunishgan.
Olimjon HAYIT tayyorladi