Bu savolga javob topish uchun yana o’sha usmoniylar imperiyasiga qaytib, sulton Sulaymon Qonuniy podsholik davriga nazar tashlash kerak bo’ladi. Negaki, o’z davrida buyuk qudratga ega imperiya hisoblanib kelgan bu davlat aynan sulton Sulaymon podsholigi oxirlarida inqirozga yuz tuta boshlagan. Xo’sh, qudratli davlat nima sabab bilan zaiflashish pallasiga kirishi mumkin?
Albatta, birinchi navbatda davlat xazinasining talon-taroj qilinishi, keyin adolatli hukmdor yo’qligi, yana davlat ayollar tarafidan boshqarila boshlansagina bu davlatchilik jar yoqasiga yaqinlashish arafasida qoladi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, sulton Sulaymon Xurram sultonga bo’lgan telbalarcha muhabbati ta’siridan chiqib keta olmagan. Bu jodugarsifat ayolga qattiq ishongan.
Uning istaklarini, iltimoslarini, talablarini inkor eta olmagan. Shuning oqibatida o’zidan keyin piyonista, xotini Nurbonuning quliga aylanib bo’lgan Salimning taxt egasi bo’lishini xohladi. Aynan Xurram sultonning ta’sirida o’g’illari Mustafo, Boyazidni o’ldirdi. Bu ikki shahzoda jasur va professional jangchi edi. Imperiyani ko’ngildagidan-da yaxshiroq boshqara olishardi. Aynan ular turklar uchun porloq kelajakni yaratib bera olardi. Baxtga qarshi shahzodalar joduga yo’g’rilgan muhabbat qurboniga aylanishdi. Birini padari sulton Sulaymon, ikkinchisini bir qorindan talashib tushgan akasi qatl etdi. Xuddi o’sha taxtni deb jigariga tig’ sanchdi. Xo’sh, oqibati nima bo’ldi? Salim sulton Sulaymonning o’limidan so’ng imperiya taxtini egallagach, davlat iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy inqiroz pallasiga kirdi. Chunki sulton Salim deganlari sharobxo’rlikka mukkasidan ketgan, davlatni esa Nurbonu boshqarardi. Keyingi podsholar ham sezilarli tarzda imperiyani botqoqqa botira borishdi. Biri ruhiy xasta, yana biri xotinining ta’siridan chetga chiqa olmadi, boshqasi tajribasizlik, qo’rqoqlik va hokazo nuqsonlar tufayli buyuk usmoniylar imperiyasini tanazzulga yuz tuttirdi.
1922 yilga kelib esa bu imperiya ildizidan zil ketib bo’lgandi. Ochlik, qiyinchilik, adolatsizlik, o’g’irlik, talonchiliklardan charchagan turk xalqi muxolifatchi partiya tuzib, usmoniylar imperiyasining so’nggi shohi bo’lmish Mexmed VI ni taxtdan ag’dardi va Turkiya respublikasini tuzdi.
Hozirgi kunda ham Turkiya aholisining deyarli yarmi prezident Erdo’g’an yuritayotgan siyosatdan mamnun ekanini yashira olmaydi. Lekin baribir hozirgi Turkiya usmoniylar davridagi kabi cheksiz qudratga ega emas. Ko’p sohalarda ojiz qolmoqda.
zen. yandex. ru
Olimjon HAYIT tayyorladi