Turkiya, suv ostiga g’arq bo’lgan kemalar va o’tmish sirlarini saqlovchi dengiz osti hayoti, boy suv osti flora va faunasi bilan yil bo’yi moviy chuqurliklarda o’tmish izlarini kashf qilish imkoniyatlarini sho’ng’ish ixlosmandlariga taqdim etadi. 8500 kvadrat kilometrlik qirg’oq chizig’i bo’ylab, Turkiya suv osti arxeologiyasi va tabiatga oid qiziqarli tajribalari bilan sho’ng’ish turizmi ixlosmandlarini kutib oladi. Bundan tashqari, Turkiyaning musaffo suvlarida sho’ng’ish tajribalari eng qadimiy sivilizatsiyalarga guvoh bo’lgan tarixiy shaharlar, Egey va O’rta Yer dengizining o’ziga xos taomlari va uzumzorlari bilan chambarchas bog’liq.
Bodrum: Egeyning yuragidagi sarguzasht
Bodrum Turkiyaning suv osti boyliklarini kashf qilishni istaganlar uchun Turkegeydagi asosiy yo’nalishlardan biri hisoblanadi. Yarim orolning shaffof suvlarida baliq, sakkizoyoq, dengiz o’tlari, suv o’tlari va dengiz mochalkalari kabi ko’plab jonzotlar yashaydi. Mintaqada shuningdek, qadimgi davrga tegishli bo’lishi mumkin bo’lgan kema halokatlari kuzatish mumkin bo’lgan 20 ta sho’ng’ish joyi mavjud. Bodrumning eng mashhur sho’ng’ish manzillari katta va kichik riflardan iborat bo’lib, u yerda barcha fasllarning iliq suvlarida sho’ng’ishingiz mumkin.
Bodrumdagi yana bir ajoyib sho’ng’ish manzili bu Orak oroli va Delikli g’oridir. Turkiyadagi suv osti topilmalari namoyish etiladigan Bodrum suv osti muzeyini ziyorat qilish suv osti ishqibozlari uchun muhim tajribalarni va’da qilmoqda. Turkiyaning eng muhim dam olish maskanlaridan biri bo’lgan Bodrumda qilinishi kerak bo’lgan ishlar ro’yxati ham ancha uzun. Aholi orasida jannat shaharchasi deb ataluvchi Mug’lada siz go’zal ko’rfazlarda quyoshdan bahramand bo’lishingiz, shaharning mashhur restoranlarida turk va jahon oshxonasiga tegishli eng yaxshi namunalarini tatib ko’rishingiz mumkin. “Qadimgi dunyoning yetti mo»jizasidan” biri hisoblangan Mavsol (Mausolus) maqbarasi qoldiqlari joylashgan Bodrumda ham ko’plab arxeologik kashfiyotlar qilishingiz mumkin.
Fethie: Haqiqiy suv osti jannati
Betakror ko’rfazlari, mukofotga sazovor bo’lgan sohillari va ko’zni qamashtiruvchi manzaralari bilan yozgi ta’tilning sevimli markazlaridan biri bo’lgan Fethie, Turkiyaning eng yaxshi sho’ng’ish nuqtalaridan biri Akvarium ko’rfaziga mezbonlik qiladi. O’z nomini suvining tiniqligidan olgan ko’rfaz tajribali va yangi boshlovchilar uchun mos keladigan joydir. So’nggi yillarda qo’riqlanadigan hudud sifatida e’lon qilingan ko’rfaz tungi sho’ng’ishlar uchun ham mukammal tanlovdir. Suv osti hayotining xilma-xilligi bilan mashhur bo’lgan Akvarium ko’rfazida moviy chuqurlikda yashovchi mavjudotlarni ko’rib hayratlanishingiz mumkin.
Fethiedagi yana bir mashhur sho’ng’ish marshruti bu – Afkule. Ko’plab yer osti g’orlari, rang-barang baliqlari va dengiz o’simliklariga ega bo’lgan, sho’ng’ish ishqibozlari tez-tez tashrif buyuradigan Afkule, shuningdek, ilg’or g’avvoslar uchun ham mos keladi. Shuningdek, bu mintaqada Caretta Caretta toshbaqalarini ham uchratishingiz mumkin.
Kash: Dunyodagi eng yaxshi 10 sho’ng’ish manzillaridan biri
Turk Rivierasining durdonasi bo’lgan Antaliyaga yo’l olganingizda, Turkiyaning eng mashhur sho’ng’ish manzillari bilan qarshilashasiz. Mintaqadagi o’n besh sho’ng’ish nuqtasi rang-barang suv osti faunasi bilan ajralib turadi. Suv osti riflari, toshloq joylari va kema halokatlari bilan Kash endemik turlarni kuzatish uchun turli xil noyob tajribalarni taqdim etadi.
Mintaqaning eng o’ziga xos sho’ng’ish zonalaridan biri bo’lgan Kash nafaqat Turkiyada, balki dunyoda eng yaxshi 10 sho’ng’ish nuqtalari qatorida. Kashning mashhur sho’ng’ish markazi Kanyon deb nomlangan mintaqadadir. Kanyondagi baliqlar bilan raqobatlashish orqali suvning sirli dunyosini o’rganish – bu ajoyib sarguzasht. Sizni suv ostiga chorlovchi Kash klassikasi “Uchar baliq” Ikkinchi jahon urushi paytida urib tushirilgan Savoia-Marchetti SM79 rusumli italyan bombardimon uchog’ining halokatidir.
Chanoqqal’a: ertaknamo suv osti sayohati
Gelibolu tarixiy suv osti parki dunyodagi eng muhim sho’ng’ish markazlaridan biri bo’lib, Chanoqqal’a urushlari izlarini suv ostida ko’rish imkonini beradi. 150 kvadrat kilometrlik suv osti parkida 14 xil nuqtada turli xil chuqurliklarda sho’ng’ish mumkin. Dunyoning eng yaxshi saqlanib qolgan jang maydoni bo’lgan mintaqada siz Layter, Ariburnu Barch, Helles Barch, Bone Barch, HMS Louis, Lundy, HMS Majestic, Massena kema halokatlari bilan bir asrdan oshiq tarixga sayohat qilishingiz mumkin. Ushbu halokatlarning eng mashhurlari Lundy yuk kemasi va HMS Majestis zirhli harbiy kemasidir. Chanoqqal’a haqida gap ketganda, yana bir sho’ng’ish yo’li bo’lgan Saros ko’rfazini unutmasligimiz lozim. Kuchli oqimlar bilan o’zini tozalaydigan Egey dengizining eng yaxshi saqlangan joylari orasida 200 dan ortiq dengiz jonivorlari yashaydi.
YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan Troya qadimiy shahri va Yevropaning muzeyshunoslik sohasidagi eng nufuzli mukofotlari sohibi bo’lgan Troya muzeyiga tashrif buyurib, Chanoqqal’adagi sho’ng’ish sarguzashtlaringizni boyitishingiz mumkin. Chanoqqal’a yaqinidagi ikkita mo»jizaviy orol Bozjaada va Go’kcheadaga ham kirib o’tishingiz hamda u yerning zaytun moyi bilan pishirilgan unutilmas lazzatlarinidan tatib ko’rishingiz tavsiya etiladi.