Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Misr, Iroq va Saudiya Arabistonidan hamkasblari bilan Yevropada kuzatilayotgan islomofobiya va Qur’onni tahqirlash harakatlariga qarshi birgalikda ko’rilishgi lozim bo’lgan chora-tadbirlarni muhokama qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Fidan payshanba kuni Iroq, Saudiya Arabistoni, Misr tashqi ishlar vazirlari Fuad Husayn, Faysal Ol Soud va Samih Shukriy bilan telefon orqali muloqot qilgan.
“Muzokara chog’ida Yevropada kuchaygan islomofobiya va islomga qarshi nafrat tuyg’usi, xususan, Iroqning Stokgolmdagi elchixonasi oldida Qur’oni Karimga uyushtirilgan jirkanch hujum silsilasida Islom hamkorlik tashkiloti harakati va birgalikda ko’riladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Mulozim shu kuni Liviya Milliy birlik hukumati Bosh vaziri Abdulhamid Dbeyba bilan bo’lib o’tgan suhbat chog’ida ham islomofobiya mavzusini ko’tardi. Har ikki siyosatchi Stokgolmdagi harakatni qoraladi.