Ijtimoiy tarmoqlarda bir mish-mish – «Xastiimomda payg’ambar ulug’langan monument o’rnatiladi» degan xabar tarqaldi. Xabarda aytilishicha, bu monument «Islom sivilizatsiya markazi» binosiga joylashtirilar emish. Tabiiyki, bu xabar ham ijtimoiy tarmoqlarda ko’plab e’tirozlarga sabab bo’ldi.
Yolg’onligi aniq ko’rinib turgan bo’lsa-da, xabarga aniqlik kiritish maqsadida Islom.uz tahririyati «Islom sivilizatsiya markazi» bilan bog’landi. «Islom sivilizatsiya markazi» mas’ul xodimi bu xabarni inkor etdi va «Islom sivilizatsiya markazi bunday monument qilish niyati yo’q. Bu xabar yolg’on», dedi.
Azizlar, so’nggi paytda axborot olami yolg’on-yashiq gaplarga, mish-mishlarga to’lib ketdi. Aslida ilm olish, ma’lumot almashish uchun ixtiro qilingan axborot tarmog’i odamlarning ongini zaharlaydigan, xayolini buzadigan, hech bo’lmaganda vaqtini isrof qiladigan vositaga aylanib qoldi. Ming afsus. Ba’zi kimsalar reyting to’plash uchun har qanday noma’qulchilikdan tap tortmay, ochiqchasiga yolg’on-yashiq safsatalarni tarqatib, hammani bezor qilyapti.
Xo’sh, bunday vaziyatda musulmonlar qanday yo’l tutishi kerak? Internet ana shunday behayo, bema’ni narsalarning makoni ekan deb, umuman undan yuz o’girishi kerakmi?
Yo’q. Internetdan, ijtimoiy tarmoqlardan xolis niyat bilan – Alloh roziligi uchun, ilm olish uchun, fikr almashish uchun foydalanish kerak. Buning uchun esa, har bir ishda bo’lgani kabi, Qur’on va Sunnatga rioya qilish kerak, xolos.
Alloh taolo «Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko’ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat yetkazib qo’yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo’lmanglar», degan (Hujurot surasi, 6-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Eshitgan har narsasini aytverishning o’zi kishning gunohkor bo’lishi uchun kifoya qiladi», deganlar.
Abu Dovud va Muslim rivoyat qilgan.
Shu ikki ilohiy ko’rsatma bugungi axborot zamonida yo’ldan adashmaslik, zalolatga ketmasligimiz uchun kifoya qiladi.
Yuqoridagi mish-mishga qaytsak, bunday holatlarda avvalo bunday gaplardan kim manfaatdorligini bir o’ylab ko’rish kerak. Har holda mo’min-musulmon odam xursand bo’lmaydigan gap ekan, demak, uni yaxshi odam aytmagan. Shuning uchun bunday gapni eshitgan taqdirimizda ham boshqalarga aytmasligimiz, uni yoymasligimiz kerak edi. Yurtimizda diniy muassasa tashkil qilinayotganidan, Islomni butun dunyoga tanitish bilan shug’ullanadigan tashkilot ochilib, unga bino qurilayotganidan xursand bo’lgan odamdan bunday gaplar chiqmaydi. Qolaversa, dindan biroz xabari bor odam ham bunday bo’lmag’ur gaplarni aytmasa kerak.
Shunday ekan, bu kabi oldi-qochdi gaplarga e’tibor, vaqt sarflash hayf. Axborot asrida, simsiz aloqa, internet rivojlangan zamonda bo’lar-bo’lmas gaplarga ishonib, aldanib qolish ham yarashmagan ish.
Shuning uchun har qanday ma’lumotni uning asl manbaidan, shu sohaning mutaxassisidan, rasmiy vakilidan olish, faqat aniq, hujjatli, dalilli ma’lumotlarga ishonish va zarurat bo’lsagina ularni boshqalarga ulashishga o’rganaylik.
manba: islom.uz