O’zbekiston 8 oktyabr kuni Afg’oniston shimolidagi Kunduz shahrida masjidlardan birida sodir etilgan qonli teraktni keskin qoraladi.
“Bunday zo’ravon harakatlar Afg’onistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik va milliy kelishuvni o’rnatishga to’sqinlik qiladi.
O’zbekiston hukumati ushbu g’ayriinsoniy hujumda halok bo’lganlar va jarohatlanganlarning oilalariga chuqur hamdardlik va ta’ziya izhor etadi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi axborotida.
Juma namozi paytida shialar masjidida sodir etilgan teraktda, so’nggi ma’lumotlarga ko’ra, 50ga yaqin inson halok bo’lgan, jarohatlanganlar soni 150ga yaqin.
O’zini portlatish orqali amalga oshirilgan terakt uchun javobgarlikni “Islom davlati – Xuroson” terrorchilik guruhi o’z zimmasiga oldi. Bu guruh avgust oyida, AQSh o’z qo’shinlarini olib chiqib ketishining so’nggi kunlarida ham teraktlar sodir etgan, o’shanda Kobuldagi portlashlar 170dan ortiq kishini, xususan 13 nafar amerikalikni hayotdan olib ketgandi.
3 oktyabrda Kobuldagi Idgoh masjidi yonida olomon orasida kuchli portlash sodir etilishi oqibatida kamida 12 kishi halok bo’lgan, 32 kishi jarohat olgandi.