AQShning Florida shtatida yashovchi yigit «O’rgimchak odam: Uyga yo’l yo’q» filmini kinoteatrda 292 marta ko’rib, jahon rekordini o’rnatdi. Bu haqda Ginnesning rekordlar kitobi saytida ma’lum qilindi.
Ramiro Alanis «O’rgimchak odam»ning so’nggi qismini tomosha qilishga 720 soat yoki 30 kun sarflagan. Amerikaliklarning hisob-kitoblariga ko’ra, kinoteatr chiptalari uchun taxminan 3,4 ming dollar sarflangan.
Kinoseanslarda Alanis filmni ko’rishdan chalg’imagan, hojatxonaga kirmagan va telefondan foydalanmagan. Shuningdek, u tomoshabinlar zalida titrlarni o’tkazib yubormay, seans oxiriga qadar qolgan. Bundan oldingi kinomarafonda Alanis hojatxonaga chiqqani uchun 11 marta ko’rishlar soni hisoblanmagan edi.
Alanis bitta filmni ko’p marotaba ko’rish bo’yicha birinchi rekordini 2019 yilda o’rnatgan: u o’shanda «Qasoskorlar: Intiho»ni 191 marta ko’rgan. Biroq ko’p o’tmay, fransiyalik yigit «Kamelot: Qirolning qaytishi»ni 204 marta ko’rib, rekordni yangilagan edi.
Avvalroq «O’rgimchak odam: Uyga yo’l yo’q» filmi AQSh tarixidagi eng kassabop filmlar uchligiga kirgani to’g’risida xabar berilgandi.