image0

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatga import qilinadigan po‘lat va alyuminiyga 25 foiz boj joriy etgani ortidan oltin narxi tarixiy maksimumga yetdi. Bu haqda Chikago tovar birjasi (CME) ma’lumotlarida keltirilgan.

CME ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 11 fevral kuni aprel oyidagi oltin fyucherslari 1,16 foizga oshib, maksimal darajada unsiya uchun 2968,5 dollarga yetgan. Biroz vaqt o‘tgandan so‘ng oltin narxi ozroq pasayib, Toshkent vaqti bilan 6:45 holatiga ko‘ra, unsiya uchun 2936,6 dollarni (+0,06 foiz) tashkil qilgan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp 10 fevralda mamlakatga yetkazib beriladigan po‘lat va alyuminiyga 25 foiz boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Yangi bojlar 2025 yil 12 mart kuni Vashington vaqti bilan 12:01 da kuchga kiradi. Shu bilan birga, Oq uy rahbari bojlarni “oshishi mumkinligi” haqida ogohlantirgan.

“Bloomberg” nashriga ko‘ra, joriy yilda oltin narxi allaqachon 11 foizga qimmatlashgan va ketma-ket yangi rekord darajalarni qayd etmoqda. Sababi Trampning savdo va geosiyosiy masalalardagi qat’iy harakatlari noaniq davrda qimmatbaho metallning saqlash vositasi sifatidagi rolini kuchaytirgan.

Banklar unsiya uchun 3000 dollar chegarasi yaqinlashib qolgan. Citigroup Inc. prognoziga ko‘ra, oltin narxlari uch oy ichida ushbu darajaga yetadi, chunki geosiyosiy keskinlik va savdo urushlari talabni rag‘batlantirmoqda. J.P. Morgan Private Bank global bozor strategiyasi bo‘yicha mutaxassis Yuysyuan Tanning “Bloomberg”ga ma’lum qilishicha, yil oxiri uchun maqsadli prognoz unsiya uchun 3150 dollarni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 20 sentyabr kuni birjada oltin narxi rekord o‘rnatgan edi. O‘sha kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:12 holatiga ko‘ra, Chikago tovar birjasida oltinning dekabrdagi shartnomasi narxi unsiya uchun 2640,4 dollarga yetgandi.