Facebook orqali bo’lishish

Twitter orqali bo’lishish

«Ilohiy komediya» Ibn Sinodan ko'chirilganmi?

Sharqning buyuk tabib va faylasuflaridan bo’lgan Abu Ali ibn Sino ilmning na oz, na ko’p, roppa-rosa 29 sohasiga oid to’rt yuz ellikta asar yozgan. Ammo, afsuski, bu asarlarning 274 tasigina davrimizgacha yetib kelgan. Buning sababi quyidagicha.

Hamadonda yashagan paytida hayotini asrash uchun yashirincha Isfaxon hokimi bilan maktub yozishgan ibn Sinoni ko’p o’tmasdan shahar hokimiga «sotishadi». Hokim esa uni hibs etishlariga buyruq beradi. Sodiq shogirdlaridan biri bu xabarni buyuk tabibga yetkazganidan so’ng ular ikkalasi qo’lga ilingan buyumlari va qo’lyozmalarini olib, Isfaxonga qochishadi. Ulardan salgina keyinroq yetib kelgan otliqlar tabibning uyiga o’t qo’yishadi. Afsuski, uyda uning kutubxonasi, xususan, qanchadan-qancha qo’lyozmalari qolib ketgandi.

Ibn Sino, baribir, qo’lga tushdi. To’rt oy zindonda yotadi. Ammo bu ham uning ruhiyatini sindira olmadi. Bugunga qadar yozilgan ilmiy asarlarning eng kattasi hisoblanmish «Shifo» kitobini zindonda yozib tugatdi. Shuningdek, yana uchta asarni boshlab qo’ydi. Bular:

— Axloqiy-didaktik mavzudagi «Musaffo yo’l haqida» asari.

— «Og’riqlarning muolajasi haqida» kitobi.

— “Hayy ibn Yakzon» nomli badiiy asar.

Ayni damda biz so’z yuritmoqchi bo’lgan, butun Yevropada shov-shuvlarga sabab bo’lgan asar ham aynan shu.

«Hayy ibn Yakzon» asari qahramoni prototip obraz. U real shaxs bo’lib, hibsxonada unga qaragan kuzatuvchi mirshablarning boshlig’i. Bu asar nomi tilimizga so’zma-so’z tarjima etilsa, “Ayiq­ning farzandi» degan ma’noni anglatadi. Asar qariyaning suhbatlari asosida qurilgan. Qariyaning oqilona nasihatlari, ibratomuz suhbatlari bilan inson metafizik sayohatga chiqadi. Jahannamga tushadi va hokazo…

Sharqning boshqa bir buyuk olimi Ibn Rushd asarni tarjima qilib, butun Yevropaga yoydi. Shundan so’ng asarning mashhurligi, ovozasi yana kengaydi. Ibn Sinoning vafotidan 150 yil o’tib, Yevropa adabiyotining asoschilaridan sanalmish Dante Aligeri undan ta’sirlanib, «Ilohiy komediya» asarini yozadi.

XIII-XIV asrlarda yashagan mashhur italyan shoiri 1307 yilda yashab turgan joyi Florensiyadan surgun qilinadi. Ana shundan so’ng u «Ilohiy komediya»ni yoza boshlaydi.

Ibn Sino ijodini o’rganadigan olimlar yakdillikda «Ilohiy komediya» buyuk tabibning yuqorida tilga olingan asari ta’sirida yozilgani, hatto anchagina fikrlar, syujetlar ko’chirma ekanini qayd etib kelishadi.

Qiziqarli faktlar

— «Ilohiy komediya»dagi juda ko’plab fikrlar, iboralar, hatto syujetlar ham «Hayy ibn Yakzon»­dagi bilan bir xil.

— Ibn Sino ham, Dante Aligeri ham bu asarni surgunda bo’lgan paytda yozgan.

— «Ilohiy komediya»ning uchinchi — asosiy bo’limi Ibn Sinoning “Kosmik fazodagi barcha jismlar muhabbatdan kuch olib harakatlanadi”, degan fikri asosiga qurilgan.

— Dante Aligerining «Ilohiy komediya»sida Ibn Sino bilan uning «Hayy ibn Yakzon»ini tarjima qilgan olim Ibn Rushd haqida alohida to’xtalib o’tilgan.

— Dante asarini o’zi «Komediya» deb nomlagandi. Ammo o’limidan so’ng mashhur italiyalik yozuvchi Jovanni Bokachchio unga “ilohiy” so’zini ham qo’shib qo’ydi. Qisqasi, Aligeri yozgan asarning nomi «Ilohiy komediya» bo’lmagan.

— Aligeri Ibn Sino, Al-Farg’oniy, Abu Mash’ar, Muhammad al-Xorazmiy va boshqalarning asarlaridan foydalangan.

— «Ilohiy komediya» jahon xalqlarining ko’pgina tillariga tarjima qilingan. O’zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov asarning “Do’zax” qismini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Bobur TO’XTAMURODOV,

Oliy harbiy bojxona instituti tinglovchisi

«Ilohiy komediya» Ibn Sinodan ko'chirilganmi?

Facebook’dagi sahifamizda yangiliklarni kuzatish yanada qulay!

Marhamat! A’zo bo’lish uchun «Nravitsya stranitsa» tugmasini bosing: