Shifokor Appalon, Asklepiy, Gigieya, Panakeya va butun ma’budlaru ma’budalar nomi bilan ularning guvohligida o’z kuchim va aqlimga mos tarzda quyidagicha qasamyodim qilaman hamda yozma ravishda tasdiqlayman: menga shifokorlik san’atini o’rgatgan ustozlarimni o’z ota-onamdek ko’raman, butun borlig’imni ular bilan ham baham ko’raman va zarur bo’lganida yordamimni ayamayman; ularning farzandlari mening qon-qarindoshlarimdir va bu kasbni, san’atni, agar ular xohlashsa, hech qanday moddiy manfaatlarsiz o’rgataman; ustozlik qilaman, og’zaki darslar va barcha-barchasini o’z farzandlarimga, ustozlarimning farzandlariga, shogirdlarimga majburiyatim va tibbiyot qonunlariga asosan o’rgataman.
Bemorlarga o’z aql-zakovatimga tayangan holda faqatgina ularga foydali bo’ladigan tavsiyalar beraman, turli vijdonsizliklar va ularga zarar keltirishdan o’zimni tiyaman. Hech kimga, hatto so’rasa ham, o’lim keltiruvchi vositani tavsiya qilmayman va shu fikrga etaklovchi yo’lni ko’rsatmayman; xuddi shuningdek, ayollarning sog’lom homiladorligini to’xtatish uchun “yordam” bermayman.
Hayotim va kasbimni toza hamda sof o’tkazaman. Hech qachon tosh kasalligi bilan og’riyotgan bemorlarni operatsiya qilmayman, shu ish bilan shug’ullanayotgan odamlarni bu yo’ldan qaytaraman. Men har qanday xonadonga faqatgina bemorlarning foydasi uchungina kiraman, bemor xoh ayol yoki erkak, xoh qul yoki ozod kishi bo’lsin, undan hech nimani tama qilmayman.
Bemorni davolar ekanman (muolajadan keyin ham), uning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni sir sanab, hech qachon oshkor qilmayman.
Hayotda va kasbimda baxt-saodatga erishish uchun qasamyodimni aslo buzmayman, ontiga vafo qilmaganlarga esa buning aksi bo’lsin!
O’zbek tiliga tarjimani Murodov Zarifjon Jumaboyevich qildi.
Aksariyatimiz shifokorlar haqida gap ketganda Hippokrat qasamini ichgandan keyin bemorni tekin davolashga majbur, pul so’rashga haqqi yo’q, u qilishga majbur, bu qilishga majbur deyishganiga ko’p guvoh bo’lamiz yoki o’zimiz shunday deymiz. Lekin aslida mana shu qasamyodda nimalar deyilgan? Mana yukorida o’sha qasamyorning XI asrdagi qo’lyozma nusxasi. U yerda shifokor qasamyod qilishi kerak bo’lgan 9 majburiyat va tamoyillar sanab o’tiladi:
1. Shifokorning ustozi, hamkasblari va shogirdi oldidagi majburiyatlari;
2. Bemoriga ataylab ziyon yetkazmaslik tamoyili;
3. Bemoriga yordam berish majburiyati;
4. Bemorning foydasi uchun g’amxo’rlik qilish tamoyili;
5. Tiriklikka (hayotga) bo’lgan hurmat va evtanaziyaning har qanday ko’rinishini rad etish tamoyili;
6. Abort qilmaslik tamoyili;
7. Bemorlari bilan har qanday ko’rinishdagi intim aloqadan tiyilish majburiyati;
8. Shaxsiy komillik erishish, o’z ustida ishlash majburiyati;
9. Shifokorlik sirini saqlash tamoyili.
Mana Hippokrat qasamyodida nima deyilgan! Bemorning puli bo’lmasa yoningdan dori sotib olib davola deyilmagan… tekinga xizmat qilib oilangni unut deyilmagan… bemorni davolashdan tashqari dala ishlariga qarashgin deyilmagan…
Biz hammamiz tirik jonmiz, kasal bo’lishimiz bor, farzandli bo’lishimiz bor, mana shunday kunimizda albatta shifokorga ishimiz tushadi. Sifatli tibbiy xizmatni istar ekanmiz, avvalo unga sharoitni o’zimiz yaratishimiz, shifokorlarimizning qorni to’qligi, moddiy jihatdan qiynalib qolmasligini ta’minlashishimiz shart! Chunki moliyaviy muammosi bo’lgan, topgani xarajatlarini qoplamaydigan, u ishdan chiqib bunisiga yuguradigan, kechasi smenada ishlab kunduzi bemor ko’radigan shifokordan sog’lom aql egasi sifatli tibbiy xizmat talab qilishi mumkin emas! Zotan, sifatli narsa arzon bo’lmaydi, agar u arzon ekan demak sifatli emas, har qanaqasiga!
OPERATSIYAUZ