Mamlakatdagi barcha maktablarda sharoitlar teng yaratilishiga harakat qilingan. Okrug komissiyasi esa o’quvchilarni maktablarga taqsimlaydi. Ota-onalar odatda farzandlari kelgusida qaysi maktabda o’qishi haqidagi ma’lumotni pochta orqali oladi. Albatta, O’zbekistonda bo’lgani kabi, okrug bolalarni uyiga eng yaqin maktablarga yozishadi. Agar maktab uzoq bo’lsa, bola bepul taksidan foydalanish huquqiga ega bo’ladi.
Finlyandiyada uy vazifasi berilmaydi, degan gaplar yuradi. Bu biroz yanglish tushuncha. Shunchaki, vazifalar maktabning birinchi kunidan boshlab yuklanmaydi. Yuk asta-sekin o’sib boradi. Ikkinchidan, uning hajmi o’zbek maktabidagi hajmdan farq qiladi. Finlar uchun bolaning sevimli mashg’ulotlari uy vazifasidan ko’ra muhim. Ya’ni bolaning oilada va do’stlari bilan vaqt o’tkazishi, toza havoda sayr qilishi kabilar hisobga olingan. Shuning uchun maktabdan tashqari ularni bo’sh vaqti bo’lishi shart. O’qituvchilar esa bolaning ijobiy tomonlariga ko’proq e’tibor qaratishadi. Masalan, bir bola musiqaga, boshqasi sportga, uchinchisi ta’limga qiziqsa har bir bolaning qiziqishiga qarab o’sha tomonga yo’naltiriladi.
Hech qaysi bolaga faloncha matematikadan yaxshi o’qiydi, sen ikkichisan deyilmaydi. Nari borsa sen ham harakat qilsang falonchiday o’qishing mumkin deyiladi.
Maktab qoidalari:
1) O’qituvchilar ko’p yillar davomida bitta maktabda ishlamaydi. Ular ko’pincha ish joylarini o’zgartiradilar. Masalan, shahar o’qituvchisi qishloqda dars berishi mumkin yoki aksincha.
2) Talabalar o’zlari qo’shimcha fanlarni tanlaydilar va jadval tuzadi. Shuningdek, ular qandaydir mavzuni o’qitmoqchi bo’lgan o’qituvchini o’zlari tanlashlari mumkin.
3) Barcha darsliklar, ish yuritish vositalari va aksessuarlar maktab o’quvchilariga bepul tarqatiladi. Ular o’zlarining shaxsiy shkaflarida narsalarini qoldiradi.
4) Mobil telefonlar taqiqlanmagan, ammo darsda ulardan foydalanishga yo’l qo’yilmaydi. Shu bilan birga, maktablar texnologiyalar bilan jihozlangan. O’quvchilar sinfdan foydalanish uchun planshet va noutbuklar bilan ta’minlangan.
5) Maktab bufetidagi taomlar bepul, xilma-xil va qismlarga ko’ra cheklanmagan.
6) Aldash qabul qilinmaydi. Finlyandiyalik o’quvchilarning hech biri bunga jur’at etolmaydi. Kamdan kam hollarda bu ro’y bersa ish o’quvchini boshqa maktabga ko’chirish bilan yakunlanadi.
7) Maktablarda din o’qitiladi. Bola o’ziga tegishli bo’lgan mazhabning tarixi va an’analarini o’rganadi.
8) Bu yerda maxsus darslar mavjud. Unda o’qituvchi turli kasblar haqida va u yoki bu mutaxassis egasi bo’lish uchun nima qilish kerakligi haqida gapiradi.
9) Maktablarning barcha o’quvchilari shved va ingliz tilini o’rganadi.
10) Eng muhimi maktablarda terining rangi, din yo’nalishiga qarab kamsitish yo’q.
Soliq
Finlyandiya soliqlari yuqori. Shu boisdan bo’lsa kerak, soliq to’lovchi to’lagan pulini qaerga sarflanganini bilib turishi mumkin.
Umuman soliqlar fuqarolarning o’zlariga ortig’i bilan qaytariladi. Masalan toza, zamonaviy jamoat transportlari, harakatlanish qulay bo’lgan shaharlar, ishsizlar uchun oyiga 700-910 yevrogacha to’lanadigan pul, bepul ta’lim zamonaviy rivojlangan tibbiyot va ko’plab boshqa ko’rinishlarda fuqarolarga qaytariladi.
Manba: @etnosuz