“Apple” kompaniyasi kinoteatrlarda filmlar namoyish etish rejalashtirmoqda va buning uchun yiliga 1 milliard dollar sarflashga tayyor. Kompaniya allaqachon hamkorlik taklifi bilan kinostudiyalarga murojaat qilgan va 2023 yil oxirigacha bir nechta filmlarni ekranga chiqarish niyatida. Mashhur brendning kelgusi relizlari orasida Martin Skorsezening “Gul oy qotillari”, Metyu Vonning “Argil” josuslik trilleri va Ridli Skottning “Napoleon” dramasi bor.
“Apple”ning avvalgi asl filmlarining aksariyati uning striming xizmati uchun eksklyuziv bo’lgan yoki faqat cheklangan kinoteatrlarda chiqarilgan. Endi “Bloomberg” ma’lumotlariga ko’ra, kompaniya o’z filmlarini kamida bir oy davomida dunyoning minglab kinoteatrlarida namoyish etish niyatida.
Kompaniya kinoteatrlarda bunday hajmda filmlarni chiqarish tajribasiga ega emas, shuning uchun u uchinchi tomon distribyutorlariga murojaat qilgan, deya yozmoqda xorijiy nashrlar. Biroq, uning rejalari pandemiyadan xalos bo’lish uchun kurashayotgan kino sanoati tarmoqlarini kuchaytiradi.
Chiptalar sotuvi 2019 yil darajasidan uchdan bir qismi pastligicha qolmoqda va AQShning ikkita eng yirik kinoteatrlar tarmog’i moliyaviy ahvoli og’ir: “AMC Entertainment Holdings” aksiyalarni sotish orqali pul yig’ishga harakat qilmoqda va uning asosiy raqibi “Cineworld Group” o’tgan yili bankrotlik e’lon qilgan edi.
“Apple”dan tashqari, “Amazon” kompaniyasi ham ko’ngilochar industriyaga investitsiyalar kiritishni kuchaytirmoqda. Kompaniya o’tgan yili “Metro-Goldwyn-Mayer Studios”ni 8,5 milliard dollarga sotib oldi va yiliga 12-15 ta film chiqarishni maqsad qilgan.