Notiq

Ziyod Yo’ldoshevich to’yda otashin o’tirdi. Mikrofon oldida so’z olgan har bir kishiga qozoniga bexos cho’mich solgan begonaga qaraganday g’ayirligi kelaverdi.

«Hali shoshmay tur, so’zga chiqqanda haqiqiy notiq qanday gapirishi kerakligi haqida dars beraman». Shu o’ylar g’ujg’on urdi Ziyod Yo’ldoshevichning ko’nglida. Uning odati shu: qanaqa tadbir bo’lmasin, kunda jilla qursa bir marta so’zga chiqib, uch-to’rt bor qarsak eshitmasa, ko’ngli joyiga tushmaydi. Bir gal-ku, motam mitingida qarsak kutaverib olomonni uch soat tik oyoqda ushlab turgandi. Agar shu «rejalar» bajarilmasa, uydagi nevaralarga qiyin bo’ladi. Tunda ayni to’rtinchi uyquni urib yotganlarida…

Yo’q, to’y tugab, yor-yor sadolari yangradi hamki, Ziyod Yo’ldoshevich o’z ismini eshitmadi.

Hamiyati tutdi. Viloyat miqyosidagi katta-katta tadbirlaru kazo-kazo yig’ilishlarni o’z nutqi bilan bezagan shunday hurmatli shaxsni allaqanday betayin to’yda nazar-pisand etmaganlari alam qildi. Ana shu dilsiyohlik sabab yo’l bo’yi qorni og’rib qolgan kishiday to’lg’anib-to’lg’anib o’tirdi. Hammasidan ertaga «Ziyod Yo’ldoshevich tumandagi hamkasbi to’yiga borib, so’zga chiqmasdan qaytibdi», degan gap urchishi mumkin. Obro’siga soya tushishidan xavotirlandi.

Oxiri chidayolmadi. Dast o’rnidan turdi-da, yugurib shofyor yoniga bordi.

Avtobus rul chambaragiga yopishib, baqira ketdi:

— To’xta, to’xtat deyapman.

Haydovchi buyruqni boshqa ma’noda tushundi:

— Shoshilmang, domla. Bu yer gavjumroq ekan, xoliroq yerda to’xtataman.

— Yo’q, shu yerda to’xtat! — Gap ohangi yanada keskinlashdi Ziyod Yo’ldoshevichning.

Shofyor bir tomoni cholning vajohati, ikkinchi tomoni «har holda, keksa odam, zarurat bezovta qilib…» degan o’yda tormozni bosdi.

— Endi, hammangiz tushing. — Ziyod Yo’ldoshevichning avtobusdagilarga qarata aytgan so’zlari hammani bemahal vaqtga to’g’rilangan budilnik ovozidek bezovta qildi. Har yoqdan tajang tovushlar eshitila boshladi.

— Nima deysiz, domla, shu yerda gapiravering!

— Nutq so’zlamoqchidir-da. To’ydagi alamini bizdan oladi endi.

— Bu kishining onasi minbarga boshqorong’i bo’lgan chog’i…

Ammo Ziyod Yo’ldoshevich sirtiga suv yuqtirmadi. «Butun jahon tarixida notiqlarga oson bo’lgan emas, — o’yladi u. — Seseron sud zalidagi notinch, bezovta olomonning ovozini bosish uchun dengiz shovqini oldida mashq qilgan. Bobur ulkan qo’shindan qo’rqqan askarlarini jang maydonidagi va’zi bilan g’alabaga boshlagan. Mening chekimga esa mudroq olomonni sergaklantirish tushibdi. Axir, aytishgan-ku: «Voiz uldurki, majlisiga xoli kirgan to’lg’ay va to’la kirgan xoli bo’lg’ay». Qolaversa, hali hech kim olomonni avtobusdan tushirib, nutq so’zlagan emas. Demak, bu yangilik voizshunoslikda mening nomim bilan qoladi».

Ziyod Yo’ldoshevich go’yo yuz yildan keyingi tarix kitoblaridan o’z nomini o’qigandek quvonib ketdi. Ko’ngli to’lib, ko’ziga bir-ikki tomchi yosh aylandi. Avvalgi ta’nalarni batamom unutib, iljaygancha, dabdabali ohangda so’z boshladi:

— O’rtoqlar, biz bugun juda katta tarixiy jarayonning guvohi bo’lib turibmiz…

— Ob-bo, eski kassetani qo’ydilar-ku, — dedi kimdir esnab.

— Yo’q, bunisi yangi «zapis». Faqat eskisini sal-pal «korrektirovka» qilganlar.

Ammo Ziyod Yo’ldoshevich luqmalarga yana e’tibor bermadi. Jo’shqin nutqini davom ettirdi:

— Biz hozirgina katta tantanalar bilan o’z visol ayyomini o’tkazganiga guvoh bo’lganimiz — ikki baxtiyor yosh oila atalmish yangi hayot akademiyasini yaratish sari yo’llanma oldilar. Qalay…

Ziyod Yo’doshevichning «qalay»i qarsak kutgani edi. Shu bois biroz tin oldi. Ammo so’z tugadi, degan ma’noda chalingan bir-ikki qarsak ham burchak-burchakdan kelayotgan xurrak ovozini bosolmadi.

Shundan keyin Ziyod Yo’ldoshevich uzoq ma’ruza qildi.

O’z va’zidan o’zi ta’sirlangan Ziyod Yo’ldoshevich o’yladi: «Bunaqa ilhom har qachon kelavermaydi, afsus, diktofon olmabman, hozirgi nutqimni yozib olsam, bir kitob bo’lardi…»

Nihoyat, uzoq to’lg’oqdan qutulgan ayolday yuzi yorishgan Ziyod Yo’ldoshevich xayoliy qarsaklar og’ushida uning nutqidan bezovta bo’lmagan birgina kishi — ayoli yoniga o’tirdi. Kampiri norozilanib so’z qotdi:

— Ma’ruzangiz bor bo’lsin, xo’jayin, odamni uyatdan o’ldirdingiz —  «Zo’r so’zladingiz», degan maqtovni kutgan Ziyod Yo’ldoshevich, kayfiyati yaxshiligidanmi, ta’naga e’tibor bermadi:

— Bu ham bodilik-da, xotin, — so’ng rul chambaragiga suyanib mudrayotgan haydovchiga qarab qichqirdi. — Avtobusni haydayver, shopir bolam, endi ketsak ham bo’ladi.

Akbar RUSTAMOV,

«Oila davrasida» gazetasi