Bizning qishloqda yashaydigan bir akaxon yarim kechasi uyiga ichib “mantirovka” bo’lib kepti. Tashqarida yomg’ir quyyapti. Ikki etigining har birida uch kilodan loyminan kirib kepti. Kostyumining birinchi tugmasi to’rtinchi teshikka qadab qo’yilibdi. Bosh kiyim qaerda qolgan, hech kim bilmaydi. Shu ahvolda uyiga kirib, etikdagi olti kilo loyminan gilamning ustiga chiqib, tik turgan yerida xurrak otayotganmish. Oshxonada esa olinganiga 24 yil bo’lgan eski “Saratov” muzlatkichi tarillab ishlab ketibdi.

— Dir-dir-dir-dir-dir-r-r-r!!!

Akamiz bu tovushni eshitib, ko’zlarini kattaroq ochib asta oshxonaga o’tibdi-da, muzlatkich eshigini ochib debdi:

— I-iltimos, sh-shahargacha ketvolaylik!..

Bir payt qarasa, muzlatkichda bir bo’lak kolbasa turgan ekan. Kolbasani ko’rib g’o’ldirab muzlatkich eshigini yopibdi.

— Hm-m, “myasavo’z”mi? Uzr, b-boshqasini t-to’xtatamiz!..

Tag’in gilam ustiga qaytib uxlab tursa, yana muzlatkich ishlab ketibdi.

— Dir-dir-dir-r-r-r-r!!!

Qayta oshxonaga o’tib muzlatkich eshigini ochib debdi:

— I-iltimos-s, sh-shahargacha ketvolaylik!

Keyin qarasa, muzlatkichda idish to’la qatiq turgan ekan. G’o’ldirab eshikni yopibdi.

— I-ie, bu “malakavo’z”mi? M-mayli, boshqasini…

Gapini tugatmay, ichkaridan xotini chiqib qolib koyina ketibdi.

— Hay, xo’jayin, dadasi, o’z uyingizdasi-iz! Uch soat bo’ldi-ku kelganingizga! Na o’tirasiz, na yotasiz! Xoda yutib kelganmisiz, jon dadasi? Shunaqayam ichasizmi? Butilkaga o’xshab qopsiz-ku o’zingizam! Ha o’zim o’rgilay, xo’jayin, issiq joylarni to’shab qo’yganman. Kirib yoting, jon xo’jayin!

Xotini shunday deb erining ikki yuziga shapatilab-shapatilab tashlagan ekan, akamiz sal o’ziga kelib, ko’zlari ochilib qarasa, ro’parasida xotini turganmish. Xotinining quloq chakkasiga bir tarsaki tushirib qichqiribdi:

— V-vey, yarim kechasi “astano’pka”da qand yeb yuribsanmi?

O. HAYIT tayyorladi