* * *
Erkakdan so’rashdi:
— Nega quyonni otib o’ldirdingiz? Adashmasam, siz ovchilar uyushmasi a’zosi emasdingiz shekilli?
— Nega bu bebosh quyon mening tomorqamga kirib karam yeydi? Adashmasam, uyam mening oilam a’zosi emasdi shekilli?
* * *
Er-xotin mashinada mehmonga ketishayotgandi. Yarim yo’lga yetganda, xotin xavotir aralash dedi:
— Dadasi, tez mashinani orqaga haydang!
— Nima bo’ldi?
— Gazni o’chirish esimdan chiqibdi. Uyimiz yonib ketadi-ya!
— Yonmaydi.
— Nimaga?
— Men vannaxonadagi kranni yopishni unutibman.
* * *
Vrach bemordan so’radi:
— Har kuni necha soatdan uxlaysiz?
— Ikki-uch soatdan.
— Bu kam-ku!
— Hechqisi yo’q. Men tunlari o’n soatlab uxlayman.
* * *
Bojxona xodimi navbatdagi yo’lovchining buyumlarini nazoratdan o’tkazyapti.
— Xo’-o’sh, demak bu sumkada hech narsa yo’q. Bunisi-chi? Bunisidayam taqiqlangan buyum yo’q. Uchinchisi… Undayam yo’q. Menga qarang, o’rtoq fuqaro, sumkalaringizda taqiqlangan buyumlar topolmadik. Endi siz bojxonadagilarni behuda ovora qilganingiz uchun boj to’laysiz.
* * *
Angliya. Xizmatkor lordga hisob beryapti:
— Xo’jayin, siz yo’g’ingizda xotiningiz yaqinda ishga olingan haydovchi bilan qochib ketdi!
— Ko’rdingmi, Jonn, men aytgandim-a bu haydovchining ko’zlari yaxshi ko’rmaydi deb! Shubhalarim to’g’ri chiqdi-ku!
* * *
Qiz uyi yoniga daraxt ko’chati o’tqazishni niyat qilgandi. Shu masalada bog’bondan maslahat so’radi.
— Men o’tqazadigan daraxt ko’chati ulg’aygach, shoxlari tarvaqaylab ketmaydigan, ammo ko’proq soya beradigan, kuzda barglari to’kilmaydigan, qishda quyosh nuri novdalari orasidan mo’ralab menga iliqlik bag’ishlaydigan bo’lishi kerak. Qanday daraxt ko’chati o’tqazishni maslahat berasiz?
Bog’bon o’ylanib turib javob qildi:
— Singlim… Siz yaxshisi, zontik sotvola qoling!
* * *
Ikki jentlmen boylar taklifiga ko’ra quyuq ziyofatda bo’lib uyga qaytishardi. Biri ikkinchisidan so’radi:
— Janob, nega bugun ziyofat paytida nuqul chap biqiningizdagi ayolning qo’lini o’paverdingiz?
— Bilasizmi, janob, ziyofat egalari mening oldimga salfetka qo’yishni unutishgan ekan.
* * *
Bastakor o’zining yangi kuyini tomoshabinlar uchun ijro etishdan avval dedi:
— Aziz tomoshabinlar, men hozir sizlarga o’zimning yangi kuyimni ijro etib bermoqchiman. Lekin anchadan beri o’ylab, bu kuyga qanday nom berishni bilmay yuribman. Iltimos, kimda yangi nom masalasida fikr tug’ilsa, menga aytinglar!
Bastakor kuy ijrosini boshladi. Oradan ma’lum vaqt o’tib yana tomoshabinlarga dedi:
— Xo’sh, kimdir yangi nom o’ylab topdimi kuyimga? Alyo-yo!.. Ie, hammalari uxlab qolishibdi-ku! Afsus! Ha, mayli, tushundim! Demak, yangi kuyimga «Alla» deb nom beraman!
* * *
Erkak do’stiga dedi:
— Mening xotinim xuddi mobil telefonga o’xshaydi.
— O’, zo’r-ku! Xuddi mobil telefon kabi zamonaviy, kichkinagina, ixchamginami?
— Yo’-o’q, pulim tugasa, men bilan gaplashmay qo’yadi.
* * *
Er-xotin taksida ketib borishardi. Er taksi haydovchisiga dedi:
— Iltimos, hov anavi yashil darvozali uy yonida to’xtatvoring! Bor-ku… Uy tugagan yerda olma daraxti turibdi-ku, o’sha yerda to’xtating!
Gapni xotini ilib ketdi:
— Ana, hov anavi malla mushuk o’tiribdi-ku, o’sha yerda!..
Haydovchi hazillashgisi keldimi, yo achchiqlandimi, so’radi:
— Mushukning old oyoqlari to’g’risida to’xtaymi, yo orqa oyoqlari to’g’risidami?
Olimjon HAYIT tayyorladi