Kasalxonaning kardiologiya bo’limi palatasi. Palatadagi bittagina karavotda o’rta yashardan sal o’tganroq erkak inqillagancha shiftga tikilib yotibdi. Eshik ochilib, ichkariga Karim kardiolog kiradi. Bemor uning kirganini ko’rib arang qimirlab qo’yadi.

Karim: — Xo’-o’sh, bemor, qalaysiz endi?

Bemor: — Ya-yaxshi…

Karim: — Ismi-sharifingiz nimaydi?

Bemor: — Topvoldi Bosvoldiyevman.

Karim: — Ha-a, ajoyib ismingiz borakan. Xo’p, nimadan shikoyatingiz bor?

Bemor: — Yu-yurak og’riyapti. O-oyoqlar shishib ketyapti.

Karim: — Yana nima bo’lyapti?

Bemor: — Nafasim bo’g’zimga tiqilib qolyapti.

Karim: — To’g’ri, bu tabiiy hol. Oyoq shishishi… Piyoda kam yo’l bosishingizdan. To’g’ri topdimmi?

Bemor: — To’g’ri, ammo piyoda yursam, harsillab, o’pkam shishib, yuragim battar og’riyapti.

Karim: — To’ppa-to’g’ri, bu tabiiy hol. Xalqimizda «Mevali daraxtga tosh otiladi», degan gap bor. O’pkayam, yurak ham borligini bildirib turadi-da! Baribir yuraverish kerak.

Bemor (beixtiyor yig’lamsirab): — Do’xtir… O’lib qolamanmi deb qo’rqyapman!

Karim: — Xo’sh, nima bo’pti? Shungayam qo’rqadimi? Bir kun tug’ilmoq, bir kun o’lmoq. Qolaversa, narigi dunyoga ketishdan qo’rqmaslik kerak. Kimdir ertaroq, yana kimdir kechroq baribir o’tadi u dunyoga. Tavba qilib, xudodan kechirim so’rab asta boraverish kerak.

Bemor: — Axir… Qo’rqinchli-ku, do’xtir!

Karim: — Menga qarang, odam har ishning yo’lini, qulay usulini bilishi kerak. Uyoqqayam jonni og’ritmasdan, yaxshilikchasiga, dod-voylarsiz borsa bo’ladi!

Bemor bu gaplarni eshitgach, adoyi tamom bo’layozadi. Barmoqlari, tizzalari dag’-dag’ titrab, goh o’ng, goh chap qovog’i ucha boshlaydi.

Karim esa davom etadi.

Karim: — Mana, uch yil burun bizning bo’limda bir odam yotgan. Jonidan to’yib o’zining qorniga pichoq sanchibdi. Joniga qasd qilibdi. Baribir ketolmabdi. O’zboshimchaligidan ikki oy jarrohlik bo’limida dodlab yotgani qoldi. Men unga aytdim. «Vey, qaysi ahmoq o’z tanasiga pichoq sanchadi? Birinchidan, og’riydi, ikkinchidan, tig’ni baribir oxirigacha tiqa olmaysiz. Chunki o’zingizni ayaysiz bilmagan holda. Arqonga o’zingizni osishingiz kerak edi. Kayf qili-ib borardingiz uyoqqa!» dedim. Tan oldi zang’ar.

Bemor bu gapdan keyin tamoman holsizlanib, rangi ko’kara boshlagandi. Karim kardiolog uni ko’rdi-yu, tepasiga engashib, yuragiga bo’ynida osig’liq turgan eshitish uskunasini bosdi. Keyin esa kissasidan shosha-pisha bitta dori olib bemorning og’ziga tiqdi.

Karim: — Namuncha qo’rqoqsiz? Shiming dorini! Rangingiz ko’karib ketdi-ya vey! Bo’pti, hazillashdim. Endi unaqa gaplarni aytmayman sizga!.. Xo’sh, bizga qanaqa shikoyat bor?

Bemor: — O-oyoq shishib ketyapti.

Karim: — Ertadan boshlab kuniga besh martadan hov anavi qo’shni bo’limga piyoda borib kelasiz. Ko’rdingizmi «padyom»i o’lik «padyom»! Shunda shishlaringiz yo’qoladi. Yana nima shikoyatingiz bor?

Shu orada besh daqiqacha vaqt o’tgandi. Bemor doridan keyinmi, ancha rangiga qon yugurib, ikki yuzi qizil olmadek qizarib, hatto o’rnidan turib o’tirishga o’zida kuch topdi va shikoyatini aytishda davom etdi.

Bemor: — Xafa bo’lmang-u, lokigin manavi choyshabni ko’ring. Hammayog’i qon dog’i. Agar… Iloji bo’lsa… Tozasidan…

Karim (bemorning so’zini kesib): — To’xtang, bu dog’larni atayin qoldirganmiz. Hamma choyshablarimizda shunday dog’lar bor. Chunki bizning bo’lim yurak bilan bog’liq. Yurak esa qonsiz ishlamaydi. Shuning uchun ramz sifatida atayin shunday qoldirganmiz.

Bemor: — Shunaqami? Endi yana bir savolim bor. O’zlaring xamirli, yog’li, sho’r ovqat yema deysizlar-u, oshxonangizdagilar nuqul makaron, chuchvara, yog’ga botirib olingan kartoshka berishadi. Salatlarni og’izga solib bo’lmaydi. Sho’r! Keyin… Go’shtni ko’proq yesang, gemaglabining oshadi deysizlar. O’sha ovqatlaringda umuman go’sht ko’rmadim.

Karim (kulib, bosh chayqab, ingichka mo’ylabi uchib): — O’v, bemor, bizning ovqatlarni yerga urma-ang. Makaron, chuchvarani sizga o’xshagan «slabak»larga quvvat bo’larmikan deb beramiz. Xamirli ovqat ular. Agar shuni har kuni yemasangiz-u, kechasimi-kunduzimi mazangiz qochsa, anavi quyon yuragingiz xuruj qilib qolsa, kuchni qaerdan olasiz? Biz keragicha dori berishimiz mumkin. Lokigin kuchni bera olmaymiz. Kuchimiz o’zimizga kerak, og’a! Endi taomning yog’lisiga kelsak, mashina motorigayam tez-tez moy quyib turmasangiz, bir taqillaydi-yu, to’xtaydi. O’sha moy motorni yumshatib, tekis ishlashga chorlab turadi. Ha endi, yurak ham motorday bir gap-da! Salatning sho’rligiga to’xtalsak, buning qo’rqadigan yeri yo’q. Yeng, salat vitamin, ja sho’rlik qilsa, chiqing-da, bir kosa choyni simiring, yuvadi-ketadi!.. Endi go’sht yo’q degan gapingizga kelsak… Hozirgi go’shtlarni yeb bo’lmay qoldi, bemor. Ja «apasniy» bo’p ketgan. Allambalo kasalliklar kelib chiqyapti. Biz bemorlarimiz salomatligi uchun javobgarmiz. Shunday ekan, gemaglabinni ko’taradigan dorilar ichavering!..

Karim gap bilan bo’lib payqamabdi. Bemor rangi endi sarg’ayibmi, ko’karibmi, ishqilib, o’zgarib, ko’zlari alang-jalanglab, dast o’rnidan turdi-da, narsalarini yig’ishtirib, tashqariga yo’naldi. Karim esa sira xavotirlanmay so’rashga tutindi.

Karim: — Ha, bemor, qaerga shoshyapsiz? Tinchlikmi?

Bemor: — M-men tuzalib qoldim, rahmat! U-uyimga bora qolay! «Viypiska»yam kerakmas! Yaxshi qoling!..

U chiqib ketgach, Karim ikki kaftini bir-biriga ishqalagancha o’ziga o’zi dedi:

— Xayriyat, mening shedevir davolash usulim «Kardiokasofat» ish berdi. Yana bir shedevir ish qildim. Usulimga ko’z tegmasin!

Shunday degancha yo’lakka chiqdi. Ancha narida hamshiralar kimnidir zambilga solib jonlantirish bo’limiga yugurishdi. Karim tanidi. Bu o’sha bemor edi. Yuragi yanada xotirjam tortdi. To’g’ri-da, bitta o’q bilan ikkita quyonni urish kimga yoqmaydi. Shu «slabak bemorda usulini yana bir bor tekshirib oldi, qolaversa, jonlantirish bo’limiga yana bir mijozni naqd qilib qo’ydi. Ana endi kechqurun asta o’sha bo’limga kiradi-da, ulushini oladi. Ertaga xudo poshsho! Kep qolar axir yana bir «slabak!

«Paka!»

Olimjon HAYIT