BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

TO’TIXONNING TANGOSI

(hajviya)

* * *

Qish. Hammayoq oppoq qor bilan qoplangan. Qishloq ko’chasi bo’ylab rizqini terib yurgan qora qarg’a bir chetda titrabgina turgan to’tini ko’rdi-yu, hayratdan qag’illab yubordi.

— To’tixon, ko’chada nima qilyapsan? — so’radi u to’tining tevaragida tinimsiz aylanib. — Qafasda yotishing kerak edi-ku! Bir toza havodan nafas olay debsan-da?

— E, Qarg’aboy aka-ey, — boshini patlari orasiga olib ming’irladi to’ti. — Kuygan yuragimni battar yondirasiz-a! Qafasimdan qochdim, og’a!

— Ahmoqmisan? Nimaga qochding?

— Bir xil hayot jonga tegdi. Hali xo’jayin xotinini so’kishga majbur qiladi. U ketsa, kennoyi keladi-da, qarg’ish o’rgatadi. Eri keldi deguncha qarg’ashim kerak. Og’a, hali kennoyidan, hali xo’jayindan kaltak yeyaverib to’yib ketdim. Uch kunlab na don, na suv berishardi. Aybim bitta. Ikkovlariniyam so’kkanman. Axir, buyruqni bajardim, og’a! Men kichkina to’ti bo’lsam! O’lar bo’lsam o’lib bo’ldim-ku!

— Ha-a, — og’ir xo’rsinib qo’ydi qarg’a. — Senga qiyin bo’pti, to’tixon. Xo’sh, endi nima qilmoqchisan?

— Og’a, kallamga zo’r fikr kep qoldi.

— Qanaqa fikr?

— Qarang, zamonamiz juda ajoyib! Biz qushlarga erkinlik berildi. Ko’chada yursangiz, hech kim rogatkadan tosh otmaydi, ovchilarning to’ri teshildi. O’zimiz xohlagancha tirikchilik qila oladigan bo’ldik. To’g’rimi?

— Ha, haqsan, to’tixon. Mana, menam shuning uchun burungi yildagiga qaraganda ancha semirdim…

— Og’a, qafaslariga o’t tushsin! Hofizalik qilsammikan deyapman. Qushlar davrasida qo’shiq aytib, hammani xursand qilardim. Rizqim butun bo’lardi. Hamma meni hurmatlab to’rga o’tqazardi.

— Hofiza? O’, ishtahalar karnay-ku! Hofizalik qilish uchun ovoz, iste’dod degan narsalar bo’lishi kerak. Xo’sh, bormi?

— Bir dunyo!

— Qani, bir xirgoyi qilib ber-chi!

To’ti «iyq-iyq»lagancha aylanib chopa boshladi. Shu qadar berilib qichqirdiki, qarg’a qanot qoqib yubordi.

— Tovushing chalishrog’akan-u, — qarg’a to’shini qashib so’z boshladi. — Ammo ilojini topsa bo’ladi.

— Nima qilish kerak, og’a?

— Bilmadim.

— Iltimos, ayta qoling! Axir, siz aqlli qarg’asiz-ku!.. Og’a, balki o’zingiz jo’ravoz bo’larsiz menga-a? Ovozingiz ja salobatli!

— Sengami? E, yo’q, mening ovozim bariton, senikiga tushmaydi.

— Yolvoraman, og’a, bir umr qulingiz bo’lay, yordam bering!

— Men jo’ravoz bo’lishim uchun homiy topishing kerak. Tekinga jo’ravoz bo’lmayman.

— H-homiy? — tutildi to’tixon. — Qaerdan topaman homiyni, og’a? Hozir…

— Ana, musichaboy akangga uchrash! Bir-ikki marta atrofini aylanib, ismini aytib chaqirsang, erib ketadi. Yig’ib qo’yganidan picha beradi.

— Keyin-chi?

— O’sha berganini menga opkelasan. Qornimni to’ydirib, tetiklashsam, jo’ravoz bo’lish-bo’lmaslikni o’ylab ko’raman.

— Iltimos, unday deb qo’rqitmang, og’a!

— Bo’pti, oldin opkel!

— Jo’ravoz bo’lasizmi?

Qarg’a tumshug’ini qiyshaytirib, tirnoqlari bilan ishqalagan bo’lib norozi javob berdi:

— Xo’p, ko’ndirding! Senday huriliqoga yo’q deb bo’larmidi? Opkelaqol ataganingni!

— Ura-a-a!!! Endi menam hofiza bo’lama-an!

— To’tixon, mashhur bo’p ketsang, meni esdan chiqarmaysanmi? Oldimga kelib salom-alik qilib turasanmi?

— Albatta, og’a!

— Qaragin lekin! Kelmay qo’ysang, naq qarg’avoraman-a!..

To’tixon dikonglagancha musichaboy akani ko’ndirish niyatida bug’doyzorga jo’nadi.

* * *

Yozga chiqib bug’doyi o’rib ketilgan dalada katta konsert bo’ldi. Konsertga hatto sichqon, kalamush, mushuklargacha keldi. Ammo hech kim bilan hech kimning ishi bo’lmadi. Gapning indallosini aytganda, it egasini, mushuk buvisini tanimay qo’ydi.

Egasidan berkinib-pusib dalaga kelgan it-kuchuklar aylanasiga To’tixon hofizani qo’riqlab turdi. U sahnaga chiqishi bilan dala qiy-chuvga to’ldi. Sichqonlar chiyillab hushtak urdi, mushuklar bezovta miyovlab To’tixonni olqishladi. Bulbul og’a esa dalaning to’ridan joy olgandi. Eng baland, sershox daraxtga qo’nib olgancha To’tixonning iste’dodini nazardan o’tkazardi.

— Ie, To’tixonning ovozi yo’g’on ekanmi? — yonidagi chumchuqdan so’radi zag’cha. — Ja toza ekan! Uning ovozi xirildoq emasmidi?

— E, unga qarg’aboy og’a jo’ravoz bo’lyapti, — dedi chumchuq kekkayib. — Musicha og’a To’tixonning ashulalarini fonogramma qildirgan. To’tixon haqiqiy tango yaratgan. Ana, eshitib ko’ring!

— E, qurib ketsin, — tumshug’ini ters burdi zag’cha. — Tango emish. Menam undan yaxshiroq ashula aytaman. Ashulaning musiqasini bulbul og’adan o’g’irlabdi-ku noinsof, sen bo’lsang, tango deysan-a!

— Ie, — dedi chumchuq chirqillab. — Shogird-da! Hamma shogirdam oldin ustozining ashulalarini o’g’irlab aytadi. O’zingizam shunaqa tango yaratib qo’ying-chi! Qo’lingizdan kelarmikan?!.

Zag’cha qancha norozilanmasin, To’tixon kundan kunga mashhurlashib boraverdi. Tangodan keyin nolali, so’kinib aytiladigan, aylanib o’ynab kuylanadigan qo’shiqlar yaratib tashladi. Uni yosh-yalang rostakamiga sevib qoldi. Endi tuxumdan chiqqan jo’jalar To’tixondek hofiza bo’lishni, hali ko’zi ochilib-ochilmagan kuchukchalar unga qo’riqchilik qilishni orzuladi. To’tixon esa azbaroyi quvonib, to’lqinlanib, havolanib ketganidanmi, endi sahnadamas, eng bo’ydor daraxtlarning shoxiga qo’nib ashula aytishni odat qildi. Tomoshaga kelganlarga o’sha yerdan turib bosh irg’agan holda salom beradigan bo’ldi.

Afsuski, uzoqqa bora olmadi. To’tixon bir-ikki yildan keyin negadir modadan qoldi. Aytishlaricha, zag’cha qasdma-qasdiga qizini bulbulga shogird qilib berganmish-u, qizi bir zumda taniqli xonandaga aylanib, To’tixonni sindirganmish.

Lokigin, keksa qarg’aning fikri boshqa.

To’tixon qarg’aboy og’asini yo’qlamay qo’ygani sababli qarg’ishga qolganmish.

Olimjon HAYIT